Eron Tovar birjasi rahbari: "Bu yerda tarixni nafaqat koʻrish, balki his qilish mumkin"
Toshkent shahrida joylashgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga Eron Islom Respublikasi Tovar birjasi kompaniyasi ijrochi direktori Sayid Javod Jahromiy boshchiligida delegatsiya keldi.
Tashrif markaz faoliyati, ekspozitsiya mazmuni va ilmiy-maʼrifiy yoʻnalishlari bilan yaqindan tanishish maqsadida amalga oshirildi.


Mehmon markaz ekspozitsiyalari bilan tanishar ekan, Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari, islom sivilizatsiyasining shakllanishi va taraqqiyoti, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, shuningdek, Yangi Oʻzbekiston – Yangi Renessans poydevori boʻlimlari doirasida milliy va umuminsoniy qadriyatlarni oʻzida mujassam etgan tarixiy meros namunalariga alohida eʼtibor qaratdi.
Ekspozitsiyalarda mintaqaning ilm-fan, maʼrifat, davlatchilik va madaniy taraqqiyoti bosqichlari zamonaviy muzey texnologiyalari asosida namoyish etilgan.
Tashrif davomida markazda saqlanayotgan nodir qoʻlyozmalar, xususan, Qurʼoni karimning turli davrlarga oid qoʻlyozma nusxalari, islom ilm-fani namoyandalarining asarlari hamda tarixiy hujjatlar mehmonda katta qiziqish uygʻotdi. Ekspozitsiyalarning ilmiy asoslanganligi, tarixiy voqeliklarni izchil va aniq tarzda yoritib berishi yuqori baholandi.
Sayid Javod Jahromiy markaz faoliyati haqida oʻz fikrlarini bildirib, Oʻzbekiston rahbariyati tomonidan tarixiy-madaniy merosni asrash, oʻrganish va uni jahon hamjamiyatiga taqdim etish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlarga yuksak baho berdi. Uning taʼkidlashicha, mazkur markaz nafaqat Oʻzbekiston, balki butun mintaqa uchun umumiy boʻlgan tarixiy xotirani mustahkamlash, xalqlar oʻrtasida oʻzaro anglashuv va maʼnaviy yaqinlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
- Ushbu tashrif menda katta hayrat va chuqur taassurot uygʻotdi. Darhaqiqat, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mazkur markazni barpo etish va rivojlantirish yoʻlida kiritilgan yuksak eʼtibor va sarmoya uchun alohida minnatdorlik bildirish lozim. Mazkur koʻrgazma insonda faxr va gʻurur tuygʻusini uygʻotadi. Chunki u ushbu mintaqaning qadimdan ilm-fan sohasida erishgan ulkan yutuqlarini hamda jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qoʻshgan beqiyos hissasini yaqqol koʻrsatib beradi. Geografiya, tibbiyot va boshqa koʻplab fan sohalaridagi yutuqlar aniq va tushunarli tarzda aks ettirilgan. Markazda saqlanayotgan qoʻlyozmalar nihoyatda nodir va bebaho boʻlib, Muqaddas Qurʼon hamda uning turli davrlarga mansub qoʻlyozma nusxalari chuqur taassurot qoldirdi. Tarixiy jarayonlarni bayon etish uslubi esa nihoyatda puxta, ilm va aniqlik bilan tashkil etilgan, - dedi Eron Tovar birjasi kompaniyasi ijrochi direktori Sayid Javod Jahromiy.

Shuningdek, mehmon Oʻzbekiston va Eron oʻrtasidagi chuqur tarixiy, madaniy va maʼnaviy mushtarakliklar markaz ekspozitsiyalarida yaqqol aks etganini qayd etdi. Ushbu mushtarakliklar ikki davlat oʻrtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar va maʼrifiy loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam asos ekanini taʼkidladi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma