Adliya vakillari Oʻzbekistondagi mega loyihada tarix bilan noodatiy yuzlashdi!


Adliya vazirligi va uning 14 ta hududiy boshqarmasida nodavlat notijorat tashkilotlari bilan ishlaydigan masʼul xodimlar Islom sivilizatsiyasi markaziga amaliy tashrif uyushtirdi. Delegatsiya aʼzolari markaz muzeyining ekspozitsiyalari va zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv taqdimotlar bilan bevosita tanishdilar.
Tashrif doirasida muzeyga qadam qoʻygan zahoti mehmonlarni tarix va innovatsiya uygʻunlashgan keng makon qarshi oldi.

Zikrillo Mahmudov, Adliya vazirligi Boshqarma boshligʻi:
“Bu mega loyiha — Yangi Oʻzbekiston tarixida ilk bor yoʻlga qoʻyilgan beqiyos tashabbus. Kitobda oʻqilgan tarix bir narsa, uni koʻz bilan koʻrib, real eksponatlar orqali his qilish — mutlaqo boshqa tajriba. Bugun biz aynan shu jonlantirilgan tarixni koʻrdik”
Ekskursiya davomida delegatsiyaga Markazning asosiy maqsadi — islom madaniy merosi, ilmiy anʼanalar va Markaziy Osiyo allomalarining ulkan ilmiy merosini har bir mehmonga tushunarli, ochiq va zamonaviy formatda yetkazish ekani haqida maʼlumot berildi.
Huquqshunoslarni Qurʼonning nodir qoʻlyozmalari, oʻrta asrlar artefaktlari, arxeologik topilmalar, tarixiy manbalar va interaktiv multimedia tizimlari bilan tanishish jarayoni qiziqtirib qoʻydi. Ayniqsa, sunʼiy intellekt yordamida “jonlantirilgan” allomalar bilan muloqot delegatsiya uchun noyob tajriba boʻldi.

Namangan viloyati Adliya boshqarmasi bosh maslahatchisi Zulfiya Ahmadxoʻjayeva bu taassurotni quyidagicha ifoda etdi:
“Bunday markazlarni ilgari faqat xorijda koʻrib havas qilardik. Endilikda esa zamonaviy IT texnologiyalari bilan uygʻunlashgan yuqori saviyadagi ekspozitsiyalarni koʻrib, faxrlandik. Kaʼbapoʻshning asl nusxasi biz uchun ayni haqiqiy his-tuygʻular uygʻotdi — bunday eksponat har davlatda ham mavjud emas”
U, shuningdek, Temur tuzuklarining interfaol formatda taqdim etilishi huquqshunoslar uchun muhim manba sifatida katta ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi:
“Har bir hukmdorning ramzlari, tangalar, shaharlar tarixi haqidagi aniq maʼlumotlar yuksak professionallik bilan berilgan. Bunday yondashuv yosh huquqshunoslar uchun ham katta ilhom manbaidir.”
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma