ShHT va MDH ekspertlari: “Bu markazni dunyo koʻrishi kerak!”

Ozarbayjon, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya, Tojikiston va Turkmanistondan huquqni muhofaza qilish vakillari hamda ShHT va MDH Antiterror markazlarining 30 nafar xorijiy ekspertlaridan iborat delegatsiya aʼzolari mamlakatimizda ilmiy merosni saqlash va raqamlashtirish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori qiziqish bildirdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashabbusi bilan nufuzli xalqaro tashkilotlar hamkorligida yurtimizda tashkil etilgan qoʻshma oʻquv seminari ishtirokchilari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlar, jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi xalqaro hamkorlik mexanizmlari, moliyaviy razvedka boʻlinmalarining faoliyatiga oid yangiliklar bilan tanishmoqda.
Tadbir doirasida xorijiy delegatsiya Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, markaz ekspozitsiyasi, qoʻlyozmalar fondi va zamonaviy interaktiv texnologiyalar bilan yaqindan tanishdi. Mehmonlar mamlakatimizda ilmiy merosni saqlash va raqamlashtirish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori qiziqish bildirdi.
Mixail Kolinchenko, "Eurasian Group" (YeAG) xalqaro tuzilmasi vakili:
“Bu yerda namoyish etilgan eksponatlar, ayniqsa, Amir Temur hayotiga oid nodir artefaktlar menda juda kuchli taassurot qoldirdi. U uch qitʼani zabt etgan buyuk sarkarda boʻlgan. Biz moliyaviy xavfsizlik bilan shugʻullanamiz va koʻramizki, bu masalalar oʻsha davrlarda ham dolzarb boʻlgan. Qadimiy tangalar, shartnomalar va davlatlar oʻrtasidagi oʻsha davr hamkorligini aks ettiruvchi manbalar bizning ishimiz uchun ham muhim. Bunday ulkan va samarali loyiha bilan Prezidentingizni va xalqingizni tabriklayman.”
Yuliya Denisova, “Council of Heads of Financial Intelligence Units” (CHFI) xalqaro tuzilmasi vakili:
“Bu markazda qadimiy topilmalar va qayta tiklangan artefaktlar zamonaviy texnologiyalar yordamida juda yorqin, tushunarli va taʼsirli tarzda namoyish etilgan. Islom madaniyatining goʻzalligi, qimmatbaho metallardan yaratilgan nodir buyumlar va sanʼat asarlari haqiqatan ham hayrat uygʻotadi.”
Xorijiy ekspertlar Islom sivilizatsiyasi markazini mintaqadagi muhim madaniy-maʼrifiy maskan sifatida yuqori baholar ekan, kelgusida ham Oʻzbekiston bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirishga tayyor ekanliklarini taʼkidladi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma