“Goʻyo boshqa olamga kirdik”: Sirdaryo faxriylarining Islom sivilizatsiyasi markazidagi taassurotlari

 

 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Sirdaryodan kelgan faxriylar uchun haqiqiy ruhiy safarga aylandi: ular noyob mushaflar va konseptual ekspozitsiyalar bilan tanishib, bu maskanni milliy xotirani jonlantiruvchi bebaho dargoh sifatida baholadilar.

 

Sirdaryolik xalq deputatlari va mehnat faxriylari Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi bilan tanishuv nafaqat maʼrifiy safar, balki oʻtgan asrlar merosini bugungi kun bilan bogʻlab beruvchi chuqur ruhiy tajriba boʻldi.

 

Markazda namoyish etilgan noyob qoʻlyozmalar, qadimiy artefaktlar, buyuk allomalarning ilmiy merosi hamda sunʼiy intellekt asosida jonlantirilgan tarixiy sahnalar delegatsiyada katta hayrat uygʻotdi. Har bir zalning oʻzaro konseptual bogʻlanishi, tarixning chuqur qatlamlarini zamonaviy taqdimot orqali ochib berilishi tashrif buyuruvchilar tomonidan alohida eʼtirof etildi.

 

 

Delegatsiya vakillari Markazni oddiy madaniy maskan emas, balki milliy xotira va maʼnaviyatning qayta uygʻonish markazi sifatida baholadilar.

 

Boyovut tumani “Navbahor” mahallasi raisi Jumaboy Rahmonqulov  oʻz taassurotlarini quyidagicha ifoda etdi:

 

“Bu markazni oddiy soʻz bilan taʼriflab boʻlmaydi. Biz shunchaki muzeyga emas, tarix va tafakkurning yangi makoniga kirganimizdan xursand boʻldik. Amir Temur, Navoiy, Saroymulkxonim kabi buyuk bobolarimiz bilan goʻyo yuzma-yuz muloqot qildik. Oʻzbekiston tarixida bunday darajada mukammal va konseptual maskan boʻlmagan.”

 

Boyovut tumani kengashi deputati Xolnisa Shayimova  Markazni davlatimiz rahbari tashabbusi bilan barpo etilgan ulkan maʼnaviy yaratish namunasi sifatida eʼtirof etdi:

 

“Amir Temur ‘Mening qilgan ishlarimni koʻr’ deganidek, bugun Prezidentimiz yaratgan bu maʼnaviy maskan uchun har qanday taʼrif kamlik qiladi. Bu yerda mujassam ilm, mehnat va madaniyat kelajak avlodning tafakkurini yuksaltiradigan ulkan poydevordir.”

 

Delegatsiya aʼzosi, nuroniy Saodat Qoraboyeva ham tashrif chogʻida his etgan tuygʻularini samimiy soʻzlar bilan bayon qildi:

 

“Bu maskanga kirgan zahoti goʻyo boshqa olamga qadam qoʻyganday boʻldim. Ota-bobolarimizning kurashi, mehnati, bunyodkorligi — hammasi shu yerda jonlanadi. Tarixni oʻz koʻzing bilan koʻrib turgandek his qilasan.”

 

 

 

Tashrif yakunida faxriylar Islom sivilizatsiyasi markazining yoshlar tarbiyasi, milliy oʻzlikni anglashni mustahkamlash va Yangi Oʻzbekistonning maʼnaviy asoslarini shakllantirishdagi oʻrni beqiyos ekanini alohida qayd etdilar. Delegatsiya aʼzolari fikricha, bu maskan kelajak avlodlar uchun bebaho maʼrifat manbai sifatida xizmat qiladi.