Ozarbayjon Prezidenti yordamchisi: “Oʻzbekiston bugun dunyo havas qiladigan maskan yaratdi”


Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining yordamchisi Anar Alekperov Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati, uning ilmiy-maʼrifiy yoʻnalishlari va qisqa fursatda erishilgan yutuqlar bilan yaqindan tanishdi. Tashrif doirasida u ekspozitsiyalar boʻylab sayohat qilib, har bir zaldagi tarixiy manbalar, multimediya yechimlari va meʼmoriy konsepsiyaning yuksak darajada bajarilganini alohida eʼtirof etdi.
Anar Alekperov oʻz taassurotlarini bayon etar ekan, quyidagi fikrlarni bildirdi:
“Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati bilan yaqindan tanishib, qisqa muddatda erishilgan natijalarga guvoh boʻldik. Nega ʼqisqa muddatʼ deyman? Chunki ekspozisiyalar boʻylab yurganingizda, bunday ulkan ishlarni yaratish uchun odatda oʻnlab yillar talab etiladi, degan fikr oʻz-oʻzidan paydo boʻladi.
Markaz mutaxassislari kontent ustida yillar davomida jonbozlik bilan mehnat qilgani yaqqol seziladi. Taqdim etilgan materiallarni diqqat bilan koʻrib chiqdim — binoning arxitekturasi ham, ekspozisiyalarning har bir elementi ham haqiqatan hayratlanarli.
Bunday maskanni barpo etgan barchaga chuqur minnatdorchilik bildiraman. Biz koʻp mamlakatlarda sayohat qilganimizda shunday inshootlarga havas bilan qarardik, ʼbizda ham shunaqasi boʻlsa ediʼ, deb oʻylardik. Bugun esa Prezidentingiz tashabbusi bilan bu orzu roʻyobga chiqdi va betakror markaz barpo etildi.
Ishonchim komilki, markazning diniy-maʼnaviy ahamiyati beqiyos. Biroq bu yerga kelgan har bir inson — kichik boladan tortib, ilmiy izlanish olib borayotgan mutaxassislargacha — oʻzi uchun juda koʻp qiziqarli maʼlumot topadi. Fikrimcha, Toshkentga keladigan sayyohlar uchun ham bu maskan eng muhim madaniy yoʻnalishlardan biriga aylanadi.
Yana bir bor sizlarni bu ulkan bunyodkorlik bilan tabriklayman.”

Alekperovning taʼkidlashicha, Islom sivilizatsiyasi markazi qisqa muddatda nafaqat ilmiy-maʼrifiy, balki madaniy-ijtimoiy markaz sifatida ham oʻz nufuzini mustahkamladi. Bu yerdagi ekspozisiyalar, raqamlashtirilgan manbalar, interaktiv taʼlimiy yechimlar va arxitekturaning oʻziga xosligi Oʻzbekistonning tarixiy merosga boʻlgan chuqur eʼtibori va davlat rahbarining tashabbuskor siyosatidan darak beradi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma