Islom sivilizatsiyasi markazi Istanbuldagi I Xalqaro qoʻlyozmalar simpoziumida eʼtibor markazida boʻldi

Istanbulda oʻtgan I Xalqaro qoʻlyozmalar simpoziumi jahonning turli burchaklaridan kelgan olimlarni bir nuqtada jamladi. Bu intellektual maydonda esa Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oʻzining boy merosi, zamonaviy ilmiy yondashuvlari va yangilikka toʻla tajribalari bilan alohida diqqat markazida boʻldi.
Turkiyaning Istanbul shahrida oʻtkazilgan xalqaro qoʻlyozmalar simpoziumida 20 dan ortiq davlatdan 100 dan ziyod mutaxassis, tarixchi va qoʻlyozmashunos olimlar ishtirok etdi. Bu jarayonda Islom sivilizatsiyasi markazi oʻzining ilmiy salohiyati va xalqaro hamkorlikka ochiq yondashuvi bilan simpoziumning eng muhim ishtirokchilaridan biri boʻldi.
Simpoziumning asosiy maqsadi — qoʻlyozmalarni saqlash, oʻrganish va raqamlashtirish boʻyicha xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, tarixiy-madaniy merosni kelajak avlodlarga yetkazish yoʻnalishlarini muhokama qilishdan iborat boʻldi.
Simpozium ochilish marosimida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib Erdogʻanning tadbir ishtirokchilariga yoʻllagan tabrigi oʻqib eshittirildi. Tabrikda madaniy va ilmiy hamkorlikni kengaytirish, qoʻlyozmalarni asrab-avaylash va ularni kelajak avlodlarga yetkazishning ahamiyati alohida qayd etildi.

Tadbir doirasida Islom sivilizatsiyasi markazi taqdimoti boʻlib oʻtdi. Markaz ilmiy kotibi Rustam Jabborov tomonidan markazdagi qoʻlyozmalarni saqlash va oʻrganish ishlari, amalga oshirilayotgan loyihalar, ilmiy ekspeditsiyalar, raqamlashtirish jarayonlari va xalqaro hamkorlik tizimi haqida batafsil maʼlumot berildi.
Rustam Jabborov Oʻzbekiston davlat siyosatida qoʻlyozmalarga eʼtibor ham alohida oʻrin tutishini taʼkidladi:
— Yangi Oʻzbekistonda ilm, taʼlim va madaniyat sohalari misli koʻrilmagan darajada qoʻllab-quvvatlanmoqda. Madaniy merosni asrab-avaylash va dunyoga keng targʻib etish davlat siyosatida ustuvor yoʻnalishga aylangan.
Shuningdek, Rustam Jabborov Islom sivilizatsiyasi markazi ham Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan boʻlib, 2018 yildagi tamal toshi qoʻyish marosimida davlat rahbarining “Bu markazning maqsadi — islom maʼrifati va bilimini chuqur oʻrganish, ajdodlarimiz merosini xalqimizga va jahonga yetkazishdir”, degan taʼkidini alohida eslatib oʻtdi.
Tadbir doirasida markazdagi tarixiy qoʻlyozmalar va eksponatlar haqida videorolik namoyish etildi.
Markaz ilmiy kotibi, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy ilmiy markazlarining tashkil etilishi ham Oʻzbekistondagi qoʻlyozmalarni oʻrganish ekotizimini yanada mustahkamlaganini qayd etdi.
Simpozium doirasida ishtirokchilar qoʻlyozmalar bilan ishlash, saqlash texnologiyalari, zamonaviy tadqiqot usullari, qoʻlyozmalarni raqamlashtirish va metadata tizimlarini joriy etish borasida fikr almashdi.
Tadbir ishtirokchilari Romiy, Sulaymoniya va Boyazid kutubxonalariga amaliy tashriflar uyushtirib, Turkiyada saqlanayotgan qadimiy qoʻlyozmalarning holati, ularni tiklash va muhofaza qilish amaliyoti bilan yaqindan tanishdi.

Shuningdek, Oʻzbekiston-Turkiya oʻrtasida bu soha vakillari ishtirokida ikki tomonlama va koʻp tomonlama hamkorlik loyihalari boʻyicha uchrashuvlar ham oʻtkazildi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma