Malayziya Qurʼon nashriyoti direktori: “Qadimiy mushaflar bilan yuzma-yuz turish — beqiyos tajriba”

 

Malayziyaning “Yayasan Restu” Qurʼon nashriyoti vakillari “Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazida yoʻlga qoʻyilgan texnologiya va professional yondashuv islom merosini saqlashda muhim qadam” deya eʼtirof etishdi.


Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat mahobati, balki ichki kontenti xorij delegatsiyalarining hayrati va hayajoniga sabab boʻlyapti.

 

 

 

Markazga tashrif buyurgan Malayziyaning “Yayasan Restu” Qurʼon nashriyoti vakillari muzey ekspozitsiyalar orqali taqdim etilgan ilmiy-maʼrifiy meros, qadimiy manbalarni yoritishdagi innovatsion yondashuvlari bilan yaqindan tanishdi.

 

Delegatsiya rahbari, “Yayasan Restu” direktori Datuk Haji Mohd Asyaharim bin Abdul Latif Markaz ekspozitsiyalarini koʻzdan kechirar ekan, oʻzining katta hayrati va hayajonini taʼkidlab, shunday dedi:

 

“Biz doimo tarixning naqadar muhim ekanini aytamiz. Bugungi avlod buyuk allomalarning merosi qanday shakllanganini bilishi shart. Alhamdulillah, bu markaz oʻz turida yagona. Dunyoning koʻplab ilmiy-maʼrifiy maskanlariga borganman, ammo ishonch bilan aytamanki — bu men koʻrgan eng goʻzal markazdir. Nafaqat meʼmorchiligi, balki mazmuni va taqdimoti bilan ham yuksak darajada.


Qadimiy mushaflar bilan yuzma-yuz turish — beqiyos tajriba. Materiallar shunchalik ravshan va aniq taqdim etilganki, inson oʻzini ilm va maʼrifat muhitida his qiladi”.

 

 

Delegatsiya aʼzosi, misrlik olim Abdulloh Subhiy Marʼiy ham Markaz faoliyatini yuksak baholab, quyidagi fikrlarni bildirdi:

 

“Bu markazning taʼrifiga soʻzlar ojiz. Oʻtmishning tarovati, bugunning ulugʻvorligi va kelajakka boʻlgan umid bir makonda jamlangan. Islom sivilizatsiyasi merosini bunday darajada jonlantirish — yuksak mahorat talab etadi. Bu yerda koʻrayotgan ishlar bilan faxrlanmaslikning iloji yoʻq.”

 

Tashrif davomida malayziyalik mehmonlar qoʻlyozmalarni restavratsiya qilish, raqamlashtirish va nashrga tayyorlash boʻyicha olib borilayotgan ilmiy va amaliy jarayonlar bilan ham yaqindan tanishdilar. Ularning fikricha, Markazda yoʻlga qoʻyilgan texnologiya va professional yondashuv islom merosini saqlashda muhim qadam hisoblanadi.

 

 

“Yayasan Restu” nashriyoti vakillari tashrif ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashini, xususan:

 

➖ Qurʼon nashri,


➖ qadimiy qoʻlyozmalarni tadqiq etish,


➖islom sanʼati boʻyicha qoʻshma ilmiy loyihalar,


➖ maʼrifiy va madaniy dasturlar


➖kabi yoʻnalishlarda yangi imkoniyatlar ochishini taʼkidladilar.