“Betakror axborot maydoni” – Xitoy madaniyat arboblari xulosasi


Xitoy xalqaro madaniy kommunikatsiya markazi raisi Lun Yusyan boshchiligidagi delegatsiya – Van Szinyuan, Tan Jiali, Li Szyunsyan, Von Chin Xun, Lam Chi Kin hamda hayʼatning boshqa aʼzolari Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalari bilan yaqindan tanishishdi.
Xitoy delegatsiyasida Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi va gʻoyasi asosida tashkil etilgan markazning meʼmoriy qiyofa va ekspozitsiya uslubi katta taassurot qoldirdi.
Delegatsiya vakillari Markaz binosiga kirgan ilk lahzalardanoq milliy anʼanalar va zamonaviy meʼmoriy yechimlar uygʻunligi, zallar oʻrtasidagi mantiqiy bogʻlanish va ekspozitsiyalar taqdimotining zamonaviy uslubini yuqori baholadi.
Markaz bilan tanishuv muzeyning “Islomdan avvalgi davr”ga bagʻishlangan ekspozitsiyadan boshlandi. Sivilizatsiya va kashfiyotlar devori, 80 ming yillik tarixdan darak beruvchi tosh buyumlar, qadimiy madaniyat qatlamlariga oid artefaktlar, sunʼiy intellekt texnologiyasi yordamida yaratilgan Fargʻona otlari installyatsiyasi mehmonlarni hayratlantirdi.


Birinchi va Ikkinchi Renessans ekspozitsiyalarida esa delegatsiya aʼzolari Oʻzbekiston zaminida shakllangan ilmiy muhit, matematiklar, tabiblar, faylasuflar va tarixchilarning boy ilmiy merosi bilan tanishishdi.
Qadimiy qoʻlyozmalar, xattotlik anʼanalari, rangtasvir bilan bezatilgan manbalar, tangashunoslikka oid topilmalar, IX–XII asrlar ilm-fan yutuqlari delegatsiyaning diqqat markazida boʻldi.
Amir Temur davri ekspozitsiyasida esa nodir asarlar, qadimiy shaxmat donachalari, davlatchilik ramzlari ham mehmonlarni befarq qoldirmadi.
Markaz muzeyi bilan tanishuvning navbatdagi manzili bu «Yangi Oʻzbekiston – Yangi Renessans poydevori» ekspozitsiyasi boʻldi. Unda mamlakatda olib borilayotgan islohotlar, ilm-fan va taʼlimdagi innovatsion yondashuvlar, madaniyat va maʼrifatga qaratilgan eʼtibor aks ettirilgan. Delegatsiya aʼzolari bu ekspozitsiyasini “Oʻzbekistonning bugungi strategik rivojlanish yoʻlini aks ettiruvchi muhim koʻzgu” deya eʼtirof etdi.
Markazning “yuragi” boʻlgan “Qurʼon zali”da jamlangan qadimiy qoʻlyozmalar, nodir Qurʼon nusxalari, xattotlik uslubi va qogʻoz tayyorlash anʼanalari haqidagi maʼlumotlar mehmonlarni yanada hayratlantirdi. Ekspozitsiyalardagi maʼlumotlarning 10 tilda, jumladan, xitoy tilida ham taqdim etilgani delegatsiyada alohida mamnunlik uygʻotdi.
Lun Yusyan, delegatsiya rahbari:
“Islom sivilizatsiyasi markazida meni eng hayratga solgan jihat — turli sivilizatsiyalar, ilm-fan va madaniyat namunalarining betakror uygʻunlashganidir. Prezident Shavkat Mirziyoyevning tarixni avlodlar xotirasiga yetkazish va Oʻzbekistonning Islom madaniyati merosini jahonga targʻib qilish borasidagi bu saʼy-harakatlari yuksak eʼtirofga loyiq. Markaz xalqaro hamkorlik va oʻzaro tushunishni mustahkamlaydigan betakror axborot maydoni vazifasini oʻtaydi.”

Delegatsiya aʼzolari tashrif davomida Oʻzbekiston sivilizatsiya merosi, uning tarixiy rivoji va bugungi taraqqiyot yoʻlidagi izchillikni yaqqol his etganini taʼkidladi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma