Xalqaro avtomobil federatsiyasi (FIA) delegatsiyasi Islom Sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

FIA General Assemblies Week doirasida Milliy Olimpiya qoʻmitasi mutasaddilari hamrohligida Xalqaro avtomobil federatsiyasi (FIA) delegatsiyasi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, Markazda jamlangan boy tarixiy va madaniy meros bilan batafsil tanishdi. Tashrif davomida delegatsiya aʼzolariga mamlakatimiz sivilizatsiyasi, ilmiy-madaniy rivojlanishi va renessans davrlari haqida keng qamrovli maʼlumotlar taqdim etildi.

 

 

 

Delegatsiya yoʻnalishi  Islomdan avvalgi davrga oid boʻlimdan boshlandi. Mehmonlar bu yerdagi asl nusxadagi artefaktlar, qoʻlyozmalar va arxeologik topilmalar bilan tanishar ekan, ularning saqlanishi va ilmiy asosda namoyish etilishiga alohida eʼtibor qaratdi.

 

 

Parijdagi FIA da faoliyat yurituvchi Diana Sharte oʻz taassurotlari bilan oʻrtoqlashib, shunday dedi:

 

“Markazda koʻrganlarimiz dastlabki tasavvurlarimizdanda ajoyib. Juda puxta, eʼtibor bilan tayyorlangani darhol bilinib turibdi. Bu yerda Oʻzbekiston tarixining ulkan mehnat orqali jamlangani yaqqol seziladi.”

 

 

 

Shundan soʻng mehmonlarga Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlariga bagʻishlangan ekspozitsiyalar namoyish etildi. Boʻlimlarda joylashtirilgan interaktiv yechimlar, 3D maketlar, artefaktlar, ilmiy kashfiyotlar hamda zamonaviy texnologiyalar asosida tayyorlangan vizual materiallar delegatsiya aʼzolarida katta qiziqish uygʻotdi.

 

 

- Yorugʻlik, musiqa va vizual elementlar oʻrtasidagi uygʻunlik tajribani yanada taʼsirli qiladi. Ekspozitsiyalar professional darajada, juda mazmunli va oʻta ijodiy yondashuv bilan tayyorlangan, - dedi FIA vakili Devid Fresney. 

 

Tashrif davomida mehmonlar “Yangi Oʻzbekiston — yangi Renessans poydevori” boʻlimiga ham tashrif buyurib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, ilmiy-maʼrifiy jarayonlar va madaniy rivojlanish boʻyicha yangicha yondashuv bilan tanishdilar. Bu boʻlim ham mehmonlarda kuchli taassurot qoldirdi. Ular ekspozitsiyalarning zamonaviy uslubda, mantiqiy ketma-ketlikda va yuqori madaniy saviyada tashkil etilganini eʼtirof etdi.

 

- Bu maskanda qadimiy tarixdan to bugungi kunigacha boʻlgan taraqqiyot jarayoni juda chuqur va obrazli namoyish etilgan. Tarixiy artefaktlar va zamonaviy interaktiv texnologiyalar uygʻunligi tashrif buyuruvchini oʻziga rom qiladi. Mazkur markazni ochilish marosimidan oldin koʻrish biz uchun katta sharaf boʻldi, - dedi avstraliyalik Endryu Bishop. 

 

 

Delegatsiya aʼzolari tashrif yakunida Markaz faoliyati, uning ilmiy-tashkiliy ishi va ekspozitsiyalarning zamonaviy yoʻnaltirilgani haqida yuqori fikrlar bildirdi. Ular Islom sivilizatsiyasi markazini nafaqat Oʻzbekiston, balki butun mintaqada madaniy-maʼrifiy almashinuvni kuchaytiruvchi yirik intellektual maydon sifatida baholashdi.