Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni munosabati bilan fermerlar uchun maʼnaviy-maʼrifiy sayohat tashkil etildi
Har yili dekabr oyining ikkinchi yakshanbasida mamlakatimizda keng nishonlanadigan Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni munosabati bilan respublika boʻylab faoliyat yuritayotgan fermerlar, agrar soha mutaxassislari va faxriylari uchun Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga maxsus maʼnaviy-maʼrifiy sayohat uyushtirildi. Tadbir soha vakillari uchun tarixiy meros bilan yaqindan tanishish, uni zamonaviy talqinda his qilish va yoshlar uchun ibrat boʻladigan maʼrifiy makonni koʻrish imkonini yaratdi.
Mehmonlar Markazdagi Islomdan avvalgi davrlarga oid ekspozitsiyalar, Birinchi va Ikkinchi Renessans allomalarining ilmiy merosi, qadimiy shaharlar va sivilizatsiya oʻchoqlari, shuningdek, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotiga bagʻishlangan boʻlimlar bilan tanishdilar. Zamonaviy multimediali texnologiyalar, interfaol jonlantirilgan tarixiy obrazlar va sunʼiy intellekt asosidagi ekspozitsiyalar ishtirokchilarga oʻtmish va bugunni bogʻlovchi noyob tajriba ulushladi.
Namangan viloyati Uychi tumanidagi “Barnogul Ziyo Fayz” fermer xoʻjaligi rahbari Raʼnoxon Qoriyeva Markaz haqidagi taassurotlarini quyidagicha bayon qildi:
“Islom sivilizatsiyasi markaziga kirganimda oʻzimni goʻyo boshqa olamga tushib qolgandek his qildim. Sunʼiy intellekt orqali Amir Temur, Ulugʻbek Mirzo kabi allomalarga savol berib, javob olish imkoniyati — bu inson uchun oʻchmas tajriba. Tarixning bunday jonlantirilishi ruhiyatga kuch, qalbga gʻurur bagʻishlaydi. Prezidentimizga shunday imkoniyat yaratilgani uchun minnatdorchilik bildiraman. Albatta, fermerlarimiz va yoshlarni ham bu yerga olib kelamiz”.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining qishloq va suv xoʻjaligi boʻyicha oʻrinbosari Shuhrat Teshayev Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyati haqida shunday dedi:
“Bu maskanga kirgan inson qadimgi davrlardan tortib Temuriylar davri va Renessans allomalari faoliyatigacha boʻlgan ulkan tarixiy manzarani izchil tarzda koʻradi. Ajdodlarimiz astronomiya, tibbiyot, matematika, geologiya kabi murakkab fanlarda ming yil ilgariyoq jahon peshqadamlaridan boʻlganini bu yerda yana bir bor angladik. Qurʼoni Karimning qadimiy nusxasi, Kaʼbatullohga oid eksponatlar xalqimiz buyuk tarixga egaligini isbotlaydi. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, kelajakni oʻzimiz barpo etamiz va Oʻzbekistonning porloq istiqboliga ishonchimiz komil”.
Fargʻona viloyati “Ixtisoslashgan Quva Anori Klasteri” MChJ rahbari Masturaxon Sayfiddinova markazdagi koʻrganlaridan chuqur taʼsirlanganini taʼkidladi:
“Bu yerda Ahmad Fargʻoniy, Beruniy, Ibn Sino, Xorazmiy kabi ulugʻ allomalarning ilm-fan rivojiga qoʻshgan beqiyos hissasini yanada teranroq angladim. Ularning merosi tufayli biz bugun dunyo taraqqiyotidan orqada qolmayotgan millat sifatida oʻz oʻrnimizni topdik. Ajdodlarimizning merosi farzandlarimiz uchun eng katta boylikdir”.
Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif fermerlar va agrar soha xodimlarining tarixiy xotirasi, maʼnaviy dunyoqarashi va milliy gʻururini yanada boyitdi. Ular ajdodlarimizning ulkan merosi, Renessans davrlarining buyuk kashfiyotlari va zamonaviy talqinda yaratilgan ekspozitsiyalar orqali tarixni nafaqat koʻrdilar, balki uni qalban his qildilar. Multimediali yechimlar, sunʼiy intellekt asosidagi muloqotlar va nodir artefaktlar ularda ilhom va yurtga muhabbat tuygʻusini mustahkamladi.
Ushbu tashrif fermerlar uchun maʼnaviy hordiq boʻlibgina qolmay, ularning oʻz faoliyatida tarixiy va maʼnaviy merosga hurmat bilan yondashishida muhim turtki boʻldi. Sayohat Oʻzbekistonning uchinchi Renessans sari dadil qadam tashlayotganini yana bir bor yaqqol namoyon etdi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma