Pokiston delegatsiyasi: "Islom Sivilizatsiyasi markazi — tarix va texnologiya uygʻunlashgan maskan"

 

 

 

Pokiston delegatsiyasi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, bu yerda jamlangan ulkan tarixiy, ilmiy va maʼnaviy meros bilan yaqindan tanishdi. Mehmonlar “Islomdan avvalgi davr”, “Birinchi Renessans”, “Ikkinchi Renessans”, “Yangi Oʻzbekiston — yangi renessans poydevori” boʻlimlari hamda Qurʼon zali boʻylab sayohat qilib, Markazda qoʻllanilgan ilgʻor texnologiyalar, 3D rekonstruksiyalar, sunʼiy intellekt asosidagi interaktiv kontent, noyob arxeologik topilmalar va ilmiy asoslangan ekspozitsiyalarni yuksak baholadilar.

 

 

Pokiston Bosh vaziri devonida savdo boʻyicha koordinator Rana Ihsaan Afzal Markaz haqidagi taassurotlarini hayrat va eʼtirof bilan izhor qildi:

 

“Bu Markazni dunyoning hech bir joyida koʻrmaganman. Bu yerga kirgan odam tarixning turli davrlarida sayohat qilgandek boʻladi. 3D sahnalar, multimedia taqdimotlari va ilmiy izohlar oʻtmishni aynan koʻz oldingizda jonlantiradi. Oʻzbekiston ming yillik ilm-fan merosini bir joyga jamlab, zamonaviy talqinda namoyish eta olgani — juda katta yutuq”.

 

U, shuningdek, Boburiylar davridan buyon mavjud boʻlgan ikki xalq oʻrtasidagi tarixiy yaqinlik bugungi hamkorlik bosqichida yanada mustahkamlanayotganini taʼkidladi:

 

“Oʻzbekiston–Pokiston aloqalari ayni paytda yangi bosqichga koʻtarilgan. Savdo, transport va diplomatik hamkorlik hajmi yil sayin oshmoqda. Buxoro–Pokiston oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviareyslarning yoʻlga qoʻyilishi ham bu jarayonning yorqin misolidir”.

 

Delegatsiya tarkibidagi “Daily Ittehad” media guruhi bosh muharriri Tahir Farooq esa Markazni xalqaro ilmiy jamoatchilik uchun ibrat boʻla oladigan yirik maʼrifiy loyiha sifatida baholadi:

 

“Oʻzbekiston oʻz tarixini nafaqat saqlab qolgan, balki uni yangi avlod uchun eng zamonaviy uslubda jonlantirib bera olayapti. Har bir zalda ilm bor, har bir ekspozitsiya oʻtmishning yangi sahifasini ochadi. Sunʼiy intellekt va multimedia texnologiyalarining bunday uygʻunligi tarixni yanada chuqurroq anglashga yordam beradi”.

 

Mehmonlar Qurʼon zalidagi noyob qoʻlyozmalar, buyuk allomalar merosi, markaz konsepsiyasining izchil ilmiy asoslanganligi va maʼrifiy ruhini alohida eʼtirof etdilar. Delegatsiya aʼzolarining fikricha, Islom sivilizatsiyasi markazi — “tarixni jonlantirgan, ilm va texnologiyani uygʻunlashtirgan noyob xazina” boʻlib, uni dunyo miqyosida keng targʻib qilish zarur.