Xalqaro Qizil Xoch Qoʻmitasi vakillari Islom Sivilizatsiyasi markaziga yuqori baho berdi
Xalqaro Qizil Xoch Qoʻmitasi Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy delegatsiyasi vakillari Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan barpo etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Oʻzbekiston insonparvarlik yoʻnalishida xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish, inson huquqlarini himoya qilish va ijtimoiy-maʼrifiy islohotlarni qoʻllab-quvvatlashda izchil faoliyat olib bormoqda.
9 ta davlat delegatsiya aʼzolari mintaqaviy vakillar va ekspertlar tarixiy-madaniy merosni zamonaviy texnologiyalar bilan uygʻunlashtirgan ushbu noyob majmuada boʻlib, markazning ekspozitsiyalari, multimedia taqdimotlari, qadimiy qoʻlyozmalar, arxeologik topilmalar, raqamlashtirilgan manbalar va interaktiv boʻlimlar bilan batafsil tanishdi.
Markaz boʻylab sayohat davomida mehmonlarga ilk sivilizatsiyalardan boshlab Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, islom ilm-fani, oʻzbek allomalari merosi haqida keng qamrovli maʼlumotlar taqdim etildi.
Xalqaro Qizil Xoch Qoʻmitasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy delegatsiyasi rahbari Biljana Milosevich tashrif yakunida oʻz fikrlarini quyidagicha bayon qildi:
“Bu markazga ilk bor tashrif buyuryapmiz va chin dildan aytishim kerak — men bu yerda koʻrganlarimdan hayratdaman. Ekspozitsiyalar nafaqat ilmiy asoslangan, balki juda zamonaviy va taʼsirli tarzda yasalgan. Interaktiv boʻlimlar orqali tarixning ichiga kirgandek boʻlasiz.
Eng muhimi — bu maskan insoniyat merosining qadrini yuksaltiruvchi, tinchlik va oʻzaro hurmat gʻoyalarini tarannum etuvchi muqaddas joy ekanidir. Oʻzbekiston xalqiga va Prezidentga bunday ulkan loyiha uchun minnatdorlik bildiraman.”
Xalqaro Qizil Xoch Qoʻmitasining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari boʻyicha mintaqaviy koordinatori Jalya Azizova ham oʻz taassurotlarini yashirmadi:
“Markazning meʼmoriy yechimi, zal va yoʻlaklar konsepsiyasi, tarixiy davrlarning bosqichma-bosqich ochib berilishi — juda taʼsirli. Islomdan avvalgi yodgorliklardan tortib, Sharq uygʻonishlarigacha boʻlgan jarayonlarning bunday professional yoritilishi meni juda ilhomlantirdi.”
Tashrif davomida Xalqaro Qizil Xoch delegatsiyasi Markazni nafaqat ilmiy-maʼrifiy, balki madaniy diplomatiya maydonidagi yirik loyihalardan biri sifatida eʼtirof etdi. Delegatsiya aʼzolarining fikriga koʻra, Islom sivilizatsiyasi markazi Oʻzbekistonning jahonga ochiq, maʼrifatparvar va insonparvar siyosatining yorqin namunasi boʻlib xizmat qiladi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma