Tarix bilan yuzma-yuz: Sirdaryo viloyati delegatsiyasi Islom sivilizatsiyasi markazida
Sirdaryo viloyatidan tashrif buyurgan Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi hamda kengash apparati xodimlari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida boʻlishdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Sirdaryo viloyatiga tashrifi doirasida tashkil etilgan ushbu safar delegatsiya uchun nafaqat maʼrifiy tashrif, balki yurtimizning bebaho tarixi va sivilizatsion merosini chuqur anglashga xizmat qilgan muhim madaniy voqea boʻldi.
Markazdagi noyob qoʻlyozmalar, qimmatli artefaktlar, interaktiv ekspozitsiyalar hamda asrlar davomida shakllangan ilmiy-intellektual meros delegatsiya aʼzolarida katta taassurot qoldirdi. Mehmonlar Markazning yaratilish tarixi, Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilgan keng koʻlamli loyihalar va ekspozitsiyalar konsepsiyasi bilan batafsil tanishdilar.
Pokiza Ahmadjonova, Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati kengashi raisi, senator:
“Markazga kirganimizdan buyon hayratimizning cheki yoʻq. Biz dunyoning turli mamlakatlarida koʻplab muzeylarni koʻrganmiz, ammo bu yerda oʻtmishimizning buyukligi va bugungi kunimizning ulugʻvorligi aks etgani — eng katta taassurot boʻldi. Ota-bobolarimiz tosh davridan boshlab yaratgan ilm-fan, hunar, madaniyat namunalari zamonaviy texnologiyalar orqali shunday ochib berilganki, xuddi Ulugʻbek, Ibn Sino yoki Beruniy bilan muloqot qilayotgandek boʻlasiz. Biz har bir zalga kirganimizda oʻsha davrning ruhiyatini his qildik.
Bizning eng asosiy xulosamiz — yoshlar bugungi kunda ajdodlarimizning qanday buyuk meros qoldirganini chuqur his qilib yashashi kerak. Buning uchun faqat kitob yoki dars yetarli boʻlmaydi. Mana shunday joy — tarixni koʻz bilan koʻrib, his qilib, ichida yashash imkoniyatini beradigan maskan juda zarur edi. Bu tashabbus uchun Prezidentimizga samimiy minnatdorchilik bildiraman. Chunki bu markaz nafaqat Oʻzbekiston, balki butun dunyoga xalqimizning buyuk oʻtmishini koʻrsatib berayotgan noyob dargohga aylandi. Bu yerga koʻplab davlat rahbarlari, chet ellik delegatsiyalar tashrif buyurgani bejiz emas”.
Deputatlar bu maskanning yoshlar tarbiyasi, maʼnaviy yetuklikni oshirish va tarixiy haqqoniyatni toʻgʻri targʻib qilishdagi ulkan ahamiyatini alohida qayd etib, Islom sivilizatsiyasi markazini yangi Oʻzbekiston maʼnaviy yuksalishining muhim poydevori sifatida baholadilar.
Muxsin Xodjiyev, Guliston Davlat Universiteti rektori:
“Muhtaram Prezidentimizning bu markazni yaratish yoʻlidagi mehnatlari, gʻoyalari va siyosiy irodasi natijasida bugun biz oʻz tariximizni yanada chuqur anglash imkoniga egamiz. Ishonchim komilki, Islom sivilizatsiyasi markazi kelajakda katta ilmiy maktabga aylanib, yoshlarimizning bilim va dunyoqarashini boyitishga xizmat qiladi”.
Ravshanbek Mahmudov, Guliston davlat universiteti professori, deputat:
“Islom sivilizatsiyasi markazida biz juda koʻp yangiliklarni koʻrdik. Somoniylar davlati, Kushon davlati, qadimiy qoʻlyozmalar, toshbosma asarlar, nodir hunarmandchilik namunalarini birinchi bor shu darajada yaxlit holda koʻrdik. Har bir eksponatning oʻz mohiyati, oʻz sabogʻi bor.
Shu fursatdan foydalanib, markazning barpo etilishida bosh boʻlgan muhtaram Prezidentimizga chuqur minnatdorchilik bildiraman. Ularning mehnatlari orqali biz bugun tarix bilan yuzma-yuz turibmiz”.
Tashrif yakunida delegatsiya aʼzolari koʻrsatilgan eʼtibor va yuksak tashkiliy daraja uchun minnatdorchilik bildirib, Markaz faoliyatini yurt taraqqiyoti va yosh avlod maʼrifati uchun beqiyos ahamiyatga ega manba sifatida eʼtirof etdilar.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma