Xalqaro avtomobil federatsiyasi (FIA) Prezidenti: “Oʻzbekiston – dunyoga hali ochilmagan ilm xazinasi”

 

 

"FIA General assembliyes Weyek" tadbirlari doirasida Milliy Olimpia qoʻmitasi mutasaddilari hamrohligida Xalqaro avtomobil federatsiyasi (FIA) Prezidenti Muhammad Ben Sulayem Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, bu yerda jamlangan boy tarixiy-madaniy meros bilan batafsil tanishdi. Ular avvalo Islomdan avvalgi davr, Birinchi renessans, Ikkinchi renessans, “Yangi Oʻzbekiston — yangi renessans poydevori” boʻlimlari hamda Qurʼon zali boʻylab sayohat qilib, har bir boʻlimning mazmuni, undagi nodir artefaktlar va zamonaviy texnologiyalar bilan ishlangan ekspozitsiyalarni diqqat bilan koʻzdan kechirdi.

 

Mehmonlar Islomdan avvalgi davrga oid asl nusxadagi artefaktlar saqlanayotgani, Markaz fondida koʻplab noyob tarixiy manbalar mavjudligi va ularning ilmiy asosda namoyish etilayotganini yuqori baholadi. Har bir boʻlimning alohida konsepsiya asosida tashkil etilgani, ekspozitsiyalarning izchil va mantiqiy ketma-ketlikda joylashtirilgani ham kuchli taassurot qoldirdi.

 

 

 

FIA prezidenti Muhammad Ben Sulaym oʻz taassurotlarini quyidagicha ifoda etdi:

 

“Oʻzbekiston hukumati va shaxsan Prezidentga bu Markazni oʻz koʻzimiz bilan koʻrish imkonini bergani uchun chin dildan minnatdorlik bildiraman. Bu yerda ilgari bilmagan koʻplab maʼlumotlarni koʻrdim. Menimcha, bu Oʻzbekistonning yashirin xazinasi.


Bu yurt dunyoga yoygan ilmiy meros haqida koʻpchilik hali ham yetarlicha xabardor emas.

 

Qurʼonga bagʻishlangan zalda asl qoʻlyozmalarni koʻrganim, yoʻqolib ketgan yoki turli yoʻllar bilan boshqa mamlakatlarga oʻtib ketgan nodir manbalarni qayta jamlash boʻyicha Prezidentning shaxsiy tashabbusi haqida eshitganim bu meni chuqur hayajonga soldi.

 

Bu maskan dunyo miqyosida yanada keng targʻib qilinishi kerak. Xorazmiy, Imom Buxoriy, Ibn Sino kabi buyuk shaxslarning nomini hech kim inkor eta olmaydi. Ularning ilmiy merosini global miqyosda namoyish etish bizning ham burchimiz.


Oʻzbekistonning islomdan avvalgi davrdan tortib bugungi kungacha boʻlgan bosqichma-bosqich taraqqiyoti, bu yerning islom madaniyatiga qoʻshgan ulkan hissasi  bularning barchasi meni hayratga soldi. Eng muhimi, bu maskan odamni asl haqiqatga qaytaradi: tarixdan saboq olib, dadil oldinga yurish kerak degan gʻoyani beradi.”

 

 

Mehmon fikricha, Beruniy, Xorazmiy, Forobiy, Termiziy, Buxoriy, Ibn Sino kabi ulugʻ zotlar jahon ilmiy taraqqiyotining poydevoriga aylangan ilmiy yutuqlarni yaratgan boʻlsada, bugun dunyoning koʻplab mamlakatlarida ular haqida yetarli bilim mavjud emas. Shu bois u Markaz faoliyatini tarixiy merosni global miqyosda targʻib qilish yoʻlidagi nihoyatda muhim tashabbus sifatida baholadi.

 

Shuningdek, Bolalar maydonidagi sunʼiy intellekt asosida yaratilgan interaktiv kontent mehmonning alohida eʼtiborini tortdi. Uning fikricha, vizual, video va AI texnologiyalar bilan boyitilgan taqdimotlar yosh avlodga kuchli taʼsir koʻrsatadi va tarixni yanada oson anglashga yordam beradi.

 

 

Tashrifning yakuniy nuqtasi Qurʼon zali boʻldi. Mehmon VII asrda yozilgan Usmon Mushafining asl nusxasi bilan yaqindan tanishib, dunyoning atigi besh nuqtasida saqlanadigan bu beqiyos qoʻlyozmaning Oʻzbekistonda mavjudligi uni hayratga soldi.

 

 

U yakunda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga chuqur minnatdorlik izhor etib, Islom sivilizatsiyasi markazini bunyod etish tashabbusini “gʻoyat ulkan va bebaho ish” deya baholadi.