Germaniyaning “Hanns - Seidel” jamgʻarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha rahbari: “Zamonaviy dunyo bilan uygʻunlashgan ilmiy-maʼrifiy dargoh”
Prezidentimiz tashabbusi bilan bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi Sharq tafakkurining asrlar davomida sayqallangan merosini zamonaviy dunyo bilan bogʻlaydigan noyob ilmiy-maʼrifiy dargoh sifatida jahon eʼtiborini tobora koʻproq tortmoqda.
Shu maʼnoda, Germaniyaning “Hanns - Seidel” jamgʻarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha rahbari Konstantin Blashke boshchiligidagi delegatsiyaning tashrifi Markazning xalqaro nufuzining oshib borayotganini taʼkidladi. Mehmonlar uchun ekskursiya tashkil qilinib, Markazning ilmiy yoʻnalishlari, qoʻlyozmalar merosi va zamonaviy interaktiv ekspozitsiyalari haqida maʼlumotlar berildi.
Delegatsiya aʼzolari qadimiy qoʻlyozmalar, allomalar ilmiy maktablari, XIV–XV asrlardagi Ikkinchi Uygʻonish davri yutuqlari, Markaziy Osiyo ilmiy anʼanalarining oʻrni va zamonaviy tadqiqotlarda qoʻllanilayotgan yondashuvlar bilan yaqindan tanishdi.
Germaniyaning “Hanns - Seidel” jamgʻarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha rahbari Konstantin Blashke:
“Bu yerdagi eksponatlar, tarixiy yodgorliklar va ularning ilmiy sharhlari bizda juda katta taassurot qoldirdi. Bu yerda faqat Oʻzbekiston tarixi emas — butun Markaziy Osiyoning ilm-fani, intellektual merosi, islom yoʻlidagi tarixiy jarayonlari yoritilgan. Biz uchun bu juda qimmatli tajriba boʻldi.”
Konstantin Blashke, shuningdek, Markazning konseptual ahamiyatiga ham toʻxtalib oʻtdi:
“Bu maskan Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgani uning ahamiyatini yanada oshiradi. Markaz mintaqaning ilmiy merosini dunyoga ilmiy asosda tanitishda ulkan rol oʻynaydi. Bu yerda jamlangan tarix — hozirgi hayotimizning maʼnaviy va intellektual ildizidir. Bunday yirik loyiha bilan Prezidentingizni va xalqingizni chin qalbimdan tabriklayman”.
Uchrashuv davomida qoʻlyozmalarni birgalikda oʻrganish, xalqaro konferensiyalar tashkil etish, ilmiy almashinuv va ekspertlik loyihalarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha imkoniyatlar muhokama qilindi.
Islom sivilizatsiyasi markazi bugun oʻz oldiga qoʻyilgan vazifa — Sharq ilmiy merosini zamonaviy fikrlash bilan uygʻunlashtirib, uni global maydonga olib chiqish yoʻlida muhim qadamlar tashlamoqda.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma