Indoneziya va Malayziya blogerlari Oʻzbekiston tarixi bilan yaqindan tanishdi

 

Bugungi axborot texnologiyalari taraqqiyoti sharoitida yoshlar bilim va maʼlumotni asosan internet orqali qabul qilmoqda. Virtual olam qulay boʻlsada, tarixiy jarayonlarni his qilish, maʼnaviy merosni koʻz bilan koʻrib anglash, ilmiy va madaniy qadriyatlarning bevosita namunalari bilan tanishish inson tafakkuriga butunlay boshqacha taʼsir koʻrsatadi.

 

Shu maʼnoda, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mamlakat tarixini, butun musulmon dunyosi taraqqiyotini aks ettiruvchi zamonaviy ilmiy-maʼrifiy maskan sifatida xalqaro auditoriyaning ham eʼtiboriga tushmoqda. Mazkur markazda qadimdan to zamonaviy davrgacha boʻlgan ilmiy kashfiyotlar, madaniy anʼanalar, diniy qadriyatlar, buyuk mutafakkirlar faoliyati hamda Markaziy Osiyoda shakllangan sivilizatsiya qatlamlari yoritilgan.

 

 

 

Indoneziya, Malayziya va Kanadaning taniqli, millionlab kuzatuvchilarga ega blogerlar guruhi Markazga tashrif buyurib, uning ilmiy-mazmuniy boyligi, zamonaviy texnologiyalar bilan uygʻunlashgan eksponatlari va noyob arxitekturasi bilan yaqindan tanishdi. Tashrif davomida mehmonlar oʻz taassurotlari bilan oʻrtoqlashib, markazning yoshlar maʼnaviyati uchun muhim maskan ekanini taʼkidlashdi.

 

Aniq Aqil, Malayziya:

 

“Menimcha, Malayziyadagi har bir inson Oʻzbekistonga kelib, uning tarixini oʻrganishi kerak. Bu markaz men uchun juda interaktiv tajriba boʻldi. Matn oʻqishdan koʻra tinglab oʻrganish menga osonroq, gidlarning tushuntirishlari orqali Oʻzbekiston tarixi va asrlar davom etgan islom sivilizatsiyasi haqida juda koʻp maʼlumot oldim. Tarixni chuqur anglamoqchi boʻlgan har bir kishi albatta bu yerga kelishi kerak.”

 

Nadia Annuar, Malayziya:

 

“Dastlab bu qadar katta va mazmunli markazni kutmagan edim. Zaldan zalga oʻtgan sayin bilganlarim yanada kengaydi. Islom sivilizatsiyasi haqida koʻp narsa bilaman deb oʻylardim, ammo bu yer menga yana koʻplab yangi maʼlumot berdi.
Hozirgi avlod hamma narsani internetdan topaman deb oʻylaydi, ammo oʻz koʻzi bilan koʻrib, his qilishi bu boshqa dunyo.”

 

Sili, Kanada:

 

“Kirgan zahotimdan boshlab markazning arxitekturasi, bezaklari va muhitidan zavq oldim. Har bir eksponat, har bir boʻlim juda boy maʼlumotga ega. Oʻzbekistonning madaniyati va diniy tarixi shu qadar keng yoritilganki, bir kunning oʻzi yetmaydi. Qadimgi davrlardan tortib hozirgi kungacha boʻlgan jarayonlar puxta va izchil namoyish etilgan. Bu markaz men uchun chinakam bilim manbai boʻldi.”

 

 

Aqo Imran, Malayziya:

 

“Bu joy juda qiziqarli, chunki Oʻzbekiston tarixining barcha bosqichlari juda batafsil yoritilgan. Ayniqsa, Amir Temur davriga bagʻishlangan boʻlim meni taassurotga soldi. Markazning arxitekturasi jozibador, ichki dizayni esa zamonaviy texnologiyalar AI va boshqa innovatsion yondashuvlar bilan boyitilgan. Bu yerda ilgari bilmagan juda koʻp faktlarni oʻrgandim. Yoshlar uchun bu joy ayni muddao ular sivilizatsiya taraqqiyotini oʻz koʻzlari bilan koʻrib, anglab yetishlari mumkin.”

 

 

 

 

 

Blogerlarning taʼkidlashicha, Islom sivilizatsiyasi markazi tarixni oʻqib, his qilib oʻrganish imkonini beruvchi noyob maskan. Tarixni kashf etishni istagan har bir kishi uchun bu yer albatta tashrif buyurishga arziydi.