Islom sivilizatsiyasi markazida Konstitutsiyaning 33 yilligiga bagʻishlangan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligi munosabati bilan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Bosh prokuratura va Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida “Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat” shiori ostida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi oʻtkazildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev belgilangan “Inson qadri — oliy qadriyat” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmunan ana shu tadbirda oʻzining yaqqol ifodasini topdi. Mazkur uchrashuv huquqiy madaniyatni oshirish, yosh kadrlarda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish va yangi Oʻzbekistonda qonun ustuvorligini taʼminlashga qaratilgan muhim amaliy maydon boʻldi.
Tadbirni Bosh prokuror oʻrinbosari Isroil Adhamov ochib berdi va barchani Konstitutsiyaning 33 yilligi bilan muborakbod etdi. U oʻz nutqida yosh mutaxassislarga boʻlgan ishonch, ularning huquqiy-maʼrifiy savodxonligi va masʼuliyati kelajak davlat boshqaruvida hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Kadrlar boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari Oybek Sultonov :
“Konstitutsiya - barcha qonunlarning asosi, prokuratura esa ularning toʻgʻri va bir xil ijrosini nazorat qiluvchi muhim organ hisoblanadi. Shu bois yosh mutaxassislarimiz ham qonunchilikni chuqur bilishi, qonuniylik va adolatni taʼminlashda masʼul boʻlishi zarur.
Islom sivilizatsiyasi markazidagi ekspozisiyalar esa bizga birinchi, ikkinchi va uchinchi Renessans poydevori aynan shu zaminlarda yaratilganini yana bir bor eslatadi”.

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy tadqiqotlar boʻlimi boshligʻi Gulnora Gʻaniyeva esa markazga tashriflari hamda konstitutsiyamizning 33 yilligi munosabati bilan barcha ishtirokchilarni qutladilar. Zaldagi yoshlar uchun bu chiqishlar haqiqiy maʼnaviy dars va ilhom manbai boʻldi.

Bosh prokuror oʻrinbosari Isroil Adhamov:
“Islom sivilizatsiyasi markazi Prezidentimizning tashabbusi bilan barpo etildi. Biz bu maskanni birinchi bor koʻrganimizda chin dildan hayratda qoldik. Chunki bu markaz bugungi yoshlarimiz va kelajak avlod uchun bebaho merosdir. Bu yerda ajdodlarimizning Islom sivilizatsiyasiga qoʻshgan ulkan hissasi, ular qoldirgan izning naqadar muhimligi yaqqol namoyon boʻladi. Shuningdek, siz yosh hamkasblarim ham kelajagingiz buyukligini bu yerda koʻra oldingiz degan umiddaman va shuni unutmangki, uchinchi Renessansni sizlar qurasizlar, yaratasizlar. Butun Oʻzbekiston xalqi sizlarga ishonadi”.
Uchrashuv ochiq muloqot va savol-javob shaklida davom etdi. Yosh xodimlar oʻzlarini qiziqtirgan masalalar, fikr va takliflar bilan chiqish qildi.

Tadbirning ragʻbatlantirish qismida “Xorijiy til bilimdoni” marafoni hamda sport musobaqalari gʻoliblari Bosh prokuratura va Yoshlar ishlari agentligi rahbariyati tomonidan diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Shuningdek, yoshlar bilan ishlashda faollik koʻrsatgan masʼullarga tashakkurnomalar topshirildi.
Uchrashuv yakunida Islom sivilizatsiyasi markazi Bosh prokuraturasi xodimlariga esdalik sovgʻalarini taqdim etdi. Tadbir yosh mutaxassislar uchun faqat rasmiy uchrashuv emas, balki huquqiy madaniyat, maʼnaviy poklik va fuqarolik masʼuliyatini yuksaltiruvchi muhim maʼrifiy maktab sifatida xizmat qildi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma