Tarixiy meros va zamonaviy tafakkur: yosh prokurorlarning Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi
Toshkent shahrida barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yangi maʼnaviy yuksalish, tarixiy xotirani tiklash va yoshlar ongida milliy iftixorni mustahkamlash siyosatida muhim oʻrin egallamoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, “Inson qadri — oliy qadriyat”, va bu qadriyatni asrash, uning huquqiy muhofazasini taʼminlash yoʻli avvalo yosh avlod tafakkurida adolat va qonun ustuvorligini mustahkamlashdan boshlanadi.
Shu ulugʻ gʻoya zamirida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Yoshlar ishlari agentligi tomonidan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi doirasida mamlakatning turli hududlaridan kelgan 70 dan ortiq yosh prokurorlar, huquqni muhofaza qilish tizimi xodimlari, talabalar hamda sohaning faxriy mutaxassislari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar.

Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov delegatsiya aʼzolarini samimiy kutib olib, ularni Markazning asosiy konsepsiyasi, ilmiy-tadqiqot yoʻnalishlari, ekspozitsiyalarning innovatsion yechimlari va yoshlar uchun amalga oshirilayotgan taʼlimiy loyihalar bilan tanishtirdi.
Tashrif davomida delegatsiya aʼzolari Birinchi, Ikkinchi va uchinchi Renessans davrlariga oid ekspozitsiyalar, qoʻlyozmalar, interaktiv zallar va qadimiy artefaktlarni koʻzdan kechirib, Oʻzbekistonda shakllangan ilmiy maktablar, mutafakkirlar merosi va islom dunyosiga hadya qilingan ulkan ilmiy yutuqlar bilan yaqindan tanishdilar.

Bosh prokuratura Kadrlar boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari Oybek Sultonov tashrifning ahamiyatini quyidagicha taʼkidladi:
“Haqiqatni tan olish kerak: bu kabi markazning Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilgani ulkan, tarixiy ahamiyatga ega voqea. Eng avvalo, yosh mutaxassislarimiz buni qadrlashi, eʼzozlashi va tariximiz qanchalik buyuk ekanini chuqur anglab olishi muhim.
Markaz nafaqat davlatchilik tarixini, balki siyosiy tafakkur va diplomatiya maktabini ham oʻrgatadi. Chunki bizning davlatchiligimiz 3000 yillik tarix davomida faqat oʻz hududi bilan cheklanib qolmagan, balki boshqa davlatlar bilan faol munosabatlar yuritgan”.
Faxriy mutaxassislar — Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yuristlar Ubaydulla Mingboyev, Halim Boboyev, Tohir Mirzayev ham ekspozitsiyalar bilan tanishuv chogʻida oʻz taassurotlarini bayon etar ekan, Markazning milliy xududdagi emas, balki butun islom dunyosidagi ahamiyatini alohida eʼtirof etdilar.
Tohir Mirzayev oʻz fikrlarida shunday dedi:
“ Bugun men juda xursandman. Shaxsan men uchun bu kun katta yangilik va yangi taassurotlar kuni boʻldi. Bilimlarim yanada boyidi. Oʻzbekiston tarixi haqida avval ham koʻp maʼlumotlarga ega edim va doimo gʻururlanib yurganman. Ammo bugun Islom sivilizatsiyasi markaziga kelib, chin maʼnoda hayratda qoldim - koʻrganlarim meni lol qoldirdi.
Yevropa davlatlaridagi muzey va tarixiy markazlarga borganimda doimo oʻylardim: “Nega Oʻzbekistonda ham shunday yirik, zamonaviy va batafsil koʻrgazmalar boʻlmaydi?” Albatta, bizda tarixiy boyliklar koʻp, lekin ular turli joylarda, alohida-alohida taqdim etilardi.
Bugun esa Prezidentimiz tashabbusi bilan yaratilgan bu ulkan markazda tariximiz bir joyda, tartibli, zamonaviy va juda taʼsirli shaklda namoyish etilayotganini koʻrib, yana bir bor faxr tuydim. Oʻzbekligimdan yanada koʻproq gʻururlanib ketdim”.
Tashrif nafaqat tarixi va ilmiy meros bilan tanishuv, balki yosh mutaxassislarning huquqiy ongi, milliy oʻzligini anglashi va maʼnaviy dunyoqarashini boyitishda muhim ahamiyat kasb etdi. Markaz tomonidan delegatsiyaga maxsus esdalik sovgʻalari ham taqdim etildi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma