Khaleej Times: "Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi: global maʼrifiy makonning yangi mezoni"

 

Birlashgan Arab Amirliklarining yetakchi nashri — “Khaleej Times”  Oʻzbekistonda barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi va uning mintaqadagi maʼnaviy-maʼrifiy jarayonlardagi oʻrni haqida maqola chop etdi. Materialda markazning musulmon dunyosi merosini tiklashdagi ahamiyati, Oʻzbekistonning tarixiy artefaktlarni asrab-avaylash va xalqaro ilm-fan hamjamiyati bilan hamkorlikni kuchaytirish borasidagi saʼy-harakatlari, shuningdek, mamlakatning jahon madaniy maydonida ortib borayotgan nufuzi keng yoritilgan.

 

Islom merosi, ilm-fani va madaniyatini jahon hamjamiyatiga toʻgʻri va chuqur yetkazishga qaratilgan strategik loyiha.

 

Toshkent shahrida qad rostlagan ushbu yirik madaniy-maʼrifiy kompleks bugungi kunda Yangi Oʻzbekistonning eng muhim intellektual tashabbuslaridan biri sifatida eʼtirof etilmoqda. Markazni barpo etish gʻoyasi ilk bor Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi minbaridan ilgari surilgan boʻlib, ushbu tashabbus loyihaning gʻoyaviy asosini belgilaydi.

 

 

Prezidentning oʻsha paytdagi mazmunan muhim chaqirigʻida shunday taʼkidlangan edi:

 

“Biz uchun eng ustuvor vazifa — Islom dinining insonparvarlikka, tinchlikka va ezgulikka asoslangan haqiqiy mohiyatini jahon hamjamiyatiga yetkazishdir.”

 

Ushbu gʻoya Markaz barpo etilishida bosh yoʻnaltiruvchi tamoyilga aylandi. Islom — faqat diniy eʼtiqod emas, balki ilm-fan, madaniyat, ijod va maʼrifat sivilizatsiyasi ekanini ilmiy-tasviriy asosda namoyon etish maqsad qilib olindi.

 

YuNESKO Bosh direktori Xaled El-Anani 2024 yil noyabr oyida amalga oshirgan tashrifi davomida Markazga alohida baho berib, quyidagi fikrni bildirgan:

 

“Islom sivilizatsiyasi markazi — madaniy xilma-xillik, bagʻrikenglik va ochiqlikni ulugʻlovchi ulkan maydon. U Oʻzbekistonning insoniyat taraqqiyotiga qoʻshgan hissasining yorqin koʻrinishidir.”

 

Intellektual ekotizim sifatida yaratilgan zamonaviy kompleks

 

 

Markaz Toshkent shahrining tarixiy-maʼnaviy markazi hisoblangan Hazrati Imom majmuasi yonida barpo etildi. Arxitektura kompozitsiyasining markazidagi 65 metrli gumbaz va toʻrt portal mamlakatning hududiy yaxlitligi va maʼnaviy birligini simvolik tarzda ifoda etadi.

 

Markazning asosiy qimmatli obʼekti — VII asrga oid, YuNESKOning “Dunyo madaniy merosi” roʻyxatiga kiritilgan Usmon Mushafi saqlanuvchi Qurʼon zali hisoblanadi.

 

Ekspozitsiyalar konsepsiyasi zamonaviy raqamli texnologiyalar va asl artefaktlar uygʻunligida ishlab chiqilgan boʻlib, quyidagi xronologiya asosida qurilgan:


 ➖ Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyasi,


➖ Birinchi Renessans,


➖ Ikkinchi Renessans,


➖Yangi Oʻzbekiston — Yangi Renesans poydevori

 

Markaz zamonaviy maʼnaviy-maʼrifiy xab sifatida tuzilgan. Unda:


➖ 200 mingdan ortiq kitobga ega kutubxona,


➖ xattotlik va anʼanaviy sanʼatlar maktabi,


➖ hunarmandlik ustaxonalari,


➖ restavratsiya laboratoriyasi,


➖bolalar uchun ilk interaktiv “1001 kashfiyot” muzeyi faoliyat yuritadi.

 

Shuningdek, Markazda YuNESKO, ICESCO, IRCICA kabi xalqaro tashkilotlarning ofislari, ilmiy markazlar hamda 460 oʻrinli konferensiya zali joylashgan. Bu jihat uni mintaqadagi yirik xalqaro muloqot platformasiga aylantiradi.

 

Meros diplomatiyasi: xorijdagi boyliklarning Vatanga qaytishi

 

Markaz faoliyatining muhim yoʻnalishlaridan biri — dunyo davlatlari muzeylari, auksion uylari va xususiy kolleksiyalarida saqlanayotgan Oʻzbekiston tarixiga oid nodir artefaktlarni Vatanga qaytarishga qaratilgan “meros diplomatiyasi”dir.

 

Sotheby’s, Christie’s va boshqa nufuzli maydonlarda olib borilgan ishlar natijasida 1000 dan ziyod tarixiy ashyo va noyob eksponatlar mamlakatga qaytarildi.

 

Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) tomonidan Islom sivilizatsiyasiga oid qariyb 1000 qoʻlyozma va artefakt Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga hadya qilindi. Shaxsiy kolleksionerlar va xalqaro xayriyachilar tomonidan ham markazga yuzlab nodir asarlar taqdim etildi.

 

Markaz ochilishiga tayyorgarlik jarayonida 40 davlatdan 1500 mutaxassis ishtirokida 800 dan ortiq ilmiy-tadqiqot va muzey loyihalari amalga oshirildi.

 

 

“Har kuni Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Toshkentda tinchlik, ezgulik, ilm-fan, maʼrifat va maʼnaviy madaniyat sivilizatsiyasi sifatida islom tamaddunining zamonaviy tushunchasini shakllantirayotgan dunyodagi yirik markazlardan birini barpo etgani uchun Prezident Shavkat Mirziyoyev nomiga minnatdorlik bildirilgan son-sanoqsiz murojaatlarni qabul qilmoqda. Asrlar davomida tarix sahifalariga sochilib ketgan barcha bebaho meros bugun yana yagona butunlik sifatida jamlanmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazida oʻtmishning ushbu maʼnaviy choʻqqilari yangi birlik kasb etib, xotira, maʼrifat va allaqachon bugundan, shu yerda, bizning oramizda boshlanayotgan kelajak makoniga aylanyapti. Ushbu buyuk loyihani yanada rivojlantirib, ajdodlar merosining buyuk samarasini maʼrifatli kelajakning qudratli energiyasiga aylantira oladigan kuchli madaniy-maʼrifiy markazga aylantirish — bizning burchimizdir,” — deya taʼkidladi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori va WOSCU raisi doktor Firdavs Abduhalikov.