OʻZBEKISTONNING TURKIYa VA AR-RIYoDDAGI MAʼRIFIY TAShABBUSLARI: ISLOM SIVILIZATsIYaSI MARKAZI XALQARO MINBARDA


Oʻzbekistonlik bir guruh olimlar Turkiya Respublikasida boʻlib, qator anjumanlar, davra suhbatlari, taqdimot va koʻrgazmalarda ishtirok etishdi. Safarning markaziy voqeasi – Istanbul shahrida boʻlib oʻtgan Turkiya Milliy saroylar boshqarmasining 100 yilligiga bagʻishlangan xalqaro simpozium boʻldi. Unda 37 mamlakatdan 50 dan ortiq maʼruzachi va 300 ga yaqin ishtirokchi qatnashib, muzey ishi va madaniy merosni asrash boʻyicha zamonaviy yondashuvlar muhokama qilindi.
Ochilishda Prezident Rejep Tayyip Erdogʻanning videomurojaati namoyish etildi. Vitse-prezident Jevdet Yilmaz, Milliy saroylar direktori Yasin Yildiz va boshqa rasmiylar ishtirokchilarni qutladilar. Taʼkidlandiki, 1925 yilda Mustafo Kamol Otaturk tashabbusi bilan Usmoniylar imperiyasi saroylari davlat ixtiyoriga oʻtkazilgani Milliy saroylar tizimining shakllanishiga asos boʻlgan.

Mazkur anjumanda Oʻzbekistondan Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi direktori Jannat Ismoilova, “OʻzArxiv” Milliy agentligi direktori oʻrinbosari Sherzod Sodiqov, agentlik katta ilmiy xodimi Nasriddin Mirzayev singari oʻzbekistonlik olimlar mamlakatimizda madaniy merosni asrab-avaylash va keng targʻib qilish masalalari boʻyicha maʼruzalari bilan ishtirok etishdi.
Oʻzbekiston taqdimoti: yangi avlodning innovatsion muzeyi
Oʻzbekiston nomidan simpoziumda Islom sivilizatsiyasi Markazi direktori, Oʻzbekiston madaniy merosini asrash, oʻrganish va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati raisi Firdavs Abduholiqov ishtirok etdi. U oʻz maʼruzasida Markazning missiyasi, muzey ekspozitsiyalari konsepsiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yirik mualliflik-maʼrifiy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan xalqaro ilmiy tadqiqotlar haqida soʻz yuritdi.
– Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hurmatli Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan. Markazning asosiy maqsadi – islom maʼrifatini oʻrganish va ajdodlarimiz merosini xalqimizga hamda dunyo jamoatchiligiga yetkazishdan iborat. Markazda muzey ekspozitsiyalari zamonaviy talablar asosida shakllantirilgan, ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalar bilan boyitilgan. Shuningdek, mahalliy va xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlikda markaz ekspozitsiyalari yaratilmoqda, muzeyda sunʼiy intellekt orqali buyuk ajdodlarimizning siymosi jonlantirilmoqda, — dedi Firdavs Abduxoliqov oʻz maʼruzasida.
Anjumanda markaz faoliyati haqida videorolik namoyish etildi. Rolikda markazning soʻnggi yillardagi rivojlanishi, ilmiy-tadqiqot va muzey ekspozitsiyalari, mahalliy va xorijiy ekspertlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar haqida keng maʼlumot berildi.
– Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan Oʻzbekistonda xalqimizning jahon tarixi va madaniyatiga qoʻshgan salmoqli hissasini namoyon etish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada xorijiy mamlakatlar tajribasini oʻrganish muhim oʻrin tutadi. Shu maʼnoda Turkiyaga bu galgi tashrifimiz juda esda qolarli va manfaatli boʻldi. Turkiya muzey va kutubxonalaridagi Oʻzbekiston madaniy merosiga oid eksponatlar bilan yaqindan tanishib, ikki xalq madaniyati, tarixi va taqdiri bir-biriga chambarchas bogʻliq ekaniga yanada bir ishonch hosil qoldik, - dedi Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi direktori Jannat Ismoilova.

Safar doirasida markaz vakillari IRSIKA rahbari Mahmud Erol Qilich bilan uchrashdilar. U Oʻzbekistonning islom madaniyati va merosini asrashda 57 mamlakat orasida yetakchi oʻrinda ekanini, Markaz esa Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilgan yirik megaloyiha sifatida butun Islom olami uchun muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi. IRSIKA tomonidan Oʻzbekistondagi maʼnaviy-maʼrifiy islohotlar haqida maxsus kitob-albom tayyorlanayotgani ham maʼlum qilindi. Unda soʻnggi yillardagi tub oʻzgarishlar, qoʻshma tadbirlar va kelgusi loyihalar aks ettiriladi.
Tashrifning muhim qismi sifatida delegatsiya Sulaymoniya kutubxonasidagi nodir qoʻlyozmalar fondi bilan tanishdi. Turkiya Qoʻlyozma asarlar boshqarmasi raisi Joʻshqin Yilmazning aytishicha, bu yerda 200 mingdan ortiq qoʻlyozma zamonaviy shart-sharoitlarda saqlanadi, ularning katta qismi Oʻzbekiston tarixiy merosi bilan bogʻliq. Oʻzbek va turk mutaxassislari qoʻlyozmalarni oʻrganish va targʻib qilish boʻyicha uzoq yillardan beri samarali hamkorlik qilib kelmoqda.

Turkiyada amalga oshirilgan tadbirlardan soʻng, Markaz direktori Firdavs Abduholiqov Saudiya Arabistonining Makka shahrida xizmat safarida boʻldi. Safar Butunjahon islom ligasi (Muslim World League) Bosh kotibi taklifiga binoan amalga oshirildi.
Makkada Markaz rahbari Uyushma tomonidan ishga tushirilgan yangi MWL elektron platformasining taqdimotida ishtirok etdi. Platforma islomiy merosni raqamlashtirish, ilmiy hamkorlikni kuchaytirish va islom sivilizatsiyasiga oid manba va tadqiqotlarni global auditoriyaga yetkazishni maqsad qiladi. Taqdimotda koʻplab xalqaro ilmiy va diniy tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Shuningdek, Firdavs Abduholiqov Butunjahon islom olami uyushmasi Bosh kotibi Abdulkarim al-Issa bilan uchrashdi. Muzokara chogʻida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Uyushma oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlik, qoʻshma tadqiqotlar, manbalarni raqamlashtirish, xalqaro konferensiyalar va koʻrgazmalar uyushtirish, mutaxassislar oʻrtasida tajriba almashish kabi yoʻnalishlar muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar strategik hamkorlikni kengaytirish va oʻzaro manfaatli loyihalarni yangi bosqichga olib chiqishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Turkiya va Saudiya Arabistonida oʻtkazilgan tadbirlar Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirdi. Istanbuldagi uchrashuvlar ilmiy-amaliy hamkorlikni kuchaytirish, qoʻshma loyihalar va axborot almashinuvini yoʻlga qoʻyish imkonini yaratgan boʻlsa, Makkada MWL elektron platformasining ishga tushirilishi islomiy merosni raqamlashtirish va global ilmiy integratsiya yoʻnalishida yangi bosqichni belgiladi. Har ikki tashrif ham Oʻzbekistonning maʼrifiy diplomatiyasi, ilmiy hamkorlik va islom sivilizatsiyasi merosini jahonga yetkazish borasida strategik qadamlarni mustahkamladi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma