“Markaz mintaqaviy hamkorligimizni kuchaytirishi aniq” — ICESCO rasmiysi
Bugungi globallashuv sharoitida dinlararo va sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirish dolzarb masalalardan biri boʻlib qolmoqda. Oʻzbekiston aynan shu yoʻnalishda mintaqada yetakchi tashabbuskor sifatida eʼtirof etilib, oʻzining ochiq, bagʻrikeng va ilmiy asoslangan yondashuvi bilan ajralib turadi. Bu borada Prezident Shavkat Mirziyoyev gʻoyasi asosida tashkil etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xalqaro miqyosdagi eng muhim ilmiy-maʼnaviy platformalardan biriga aylangan. Markaz UNESCO, ICESCO kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan tizimli hamkorlikni yoʻlga qoʻygan holda, islom madaniy merosining dunyo miqyosida keng targʻib qilinishiga xizmat qilmoqda.
Shu doirada ICESCOning Bokudagi mintaqaviy ofisi rahbari oʻrinbosari Maryam Gʻafforzoda boshchiligidagi delegatsiya Markaz faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibida Qozogʻiston, Tojikiston va Ozarbayjondan kelgan ekspertlar ham bor edi.
Mehmonlar Markazning barcha boʻlimlari – “Islomdan avvalgi davr”, “Birinchi Renessans”, “Ikkinchi Renessans” va “Yangi Oʻzbekiston – Yangi Renessans poydevori” ekspozitsiyalar bilan tanishib, taqdim etilgan ilmiy yondashuvlar va zamonaviy texnologik yechimlarga katta qiziqish bildirdilar.
Maryam Gʻafforzoda, ICESCOning Bokudagi mintaqaviy ofisi rahbari oʻrinbosari:
– Sizning goʻzal yurtingizga tashrifimiz doirasida Islom sivilizatsiyasi markaziga kelish imkoniga ega boʻldik.
Mazkur noyob markaz Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ilm-maʼrifat va madaniy merosni rivojlantirish borasidagi yuksak eʼtiborining amaliy ifodasi boʻlib, biz bu yerda birinchi marotaba boʻldik. Delegatsiya nomidan aytsam, koʻrganlarimiz bizni nihoyatda hayratda qoldirdi — ekspozitsiyalar juda did bilan joylashtirilgan, mazmunan juda qiziqarli va oʻziga xos.
Markazning eng muhim jihatlaridan biri shundaki, u islom sivilizatsiyasining keng mintaqa boʻylab qoldirgan ulkan merosi va bu hudud xalqlarining madaniyat rivojiga qoʻshgan hissasini aniq va yorqin tarzda namoyon etadi. Biz qadimiy artefaktlarni koʻrib, yana bir bor Oʻzbekistonning qadimiy tarixiga, boy madaniyatiga va ulkan ilmiy merosiga guvoh boʻldik.
Oʻzbekiston rahbariyaga bunday ajoyib tashabbus uchun samimiy minnatdorlik bildiramiz. Ishonchim komilki, bu markaz mamlakatingizga tashrif buyuradigan har bir tashrif buyuruvchi uchun madaniyatingizni, islom sanʼatini chuqurroq oʻrganish imkonini yaratadi.
Markaz uchun bunday tashriflar ilmiy diplomatiyaning mustahkamlanishiga, xalqaro hamkorlikning kengayishiga va mintaqaviy madaniy integratsiyaning oshishiga xizmat qilmoqda. Oʻzbekistonning boy sivilizatsiyaviy merosi esa bunday uchrashuvlar orqali yanada kengroq doirada eʼtirof etilmoqda.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma