Euronews : Toshkent Markaziy Osiyoning madaniy va taʼlim sohasidagi hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan kongressga mezbonlik qildi

 

 

Nufuzli xalqaro axborot agentligi – Euronews Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Markaziy Osiyo: umumiy maʼnaviy-maʼrifiy meros – umumiy kelajak” nomli xalqaro kongress boʻlib oʻtganligi, unda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon va Oʻzbekiston vakillari ishtirok etganligini eʼtirof etdi.

 

Kongress mintaqaning umumiy maʼnaviy va taʼlimiy merosini zamonaviy ilmiy muhitda saqlash va oʻrganish masalalariga bagʻishlandi.

 

Asosiy shoʻba yigʻilishlardan birida ishtirokchilar mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashda islomiy qadriyatlarning oʻrni masalasini muhokama qildilar hamda qoʻshma ilmiy tadqiqotlar, madaniy loyihalar va taʼlim tashabbuslarini kengaytirish boʻyicha amaliy qadamlarni koʻrib chiqdilar.

 

300 dan ortiq mutaxassislar Markaziy Osiyoning umumiy tarixiy va diniy asoslari mintaqa jamiyatlari uchun muhim bogʻlovchi omil boʻlib qolayotganini taʼkidladilar.

 

Muhokamalar merosni asrash, ilmiy hamkorlik va Markaziy Osiyo xalqlari oʻrtasidagi munosabatlarni uzoq yillardan beri shakllantirib kelayotgan madaniy aloqalar yuzasidan ochiq muloqot uchun maydon yaratdi.