Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi: “Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi oʻta qimmatli va strategik ahamiyatga ega”

Amaliy tashrif bilan mamlakatimizda boʻlib turgan Yevropa Ittifoqining Xalqaro sherikliklar boʻyicha komissari Yozef Sikela hamda Kengayish masalalari boʻyicha komissari Marta Kos boshchiligidagi delegatsiya Prezident Shavkat Mirziyoyev qabulidan soʻng Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi Prezident Shavkat Mirziyeyov tashabbusi va gʻoyasi asosida bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalari va interaktiv taʼlimiy maydonlari bilan tanishdi. Nufuzli tashkilot vakillari Markazni nafaqat tarixiy merosni saqlashda, balki Oʻzbekistonni xalqaro madaniy yoʻnalishda rivojlantiradigan muhim qadam sifatida eʼtirof etishdi.
Toshkentda oʻtkazilgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” uchinchi iqtisodiy forumi va Transkaspiy transport yoʻlagi va oʻzaro bogʻliqlik boʻyicha investorlar forumida ishtirok etgan yevrokomissarlar Markazga tashrifi davomida muzeyning asosiy ekspozitsiyalari, 3000 yillik tarixni oʻzida mujassam etgan noyob merosimiz ildizlari, qadimiy va tarixiy qoʻlyozmalar artefaktlardan tortib bugungi kungacha bosib oʻtilgan taraqqiyot jarayonlari, shuningdek, zamonaviy multimedia texnologiyalari bilan jihozlangan oʻquv va maʼrifat maydonlari bilan yaqindan tanishdi.
Yevropa Ittifoqi vakillari Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va gʻoyasi asosida bunyod etilgan Markazda qoʻllanilgan ilmiy yondashuv, ekspozitsiyalarning zamonaviy tuzilishi, ochiq bilim muhiti va innovatsion yechimlarga katta qiziqish bildirdi.
Yevropa Ittifoqining Xalqaro sherikliklar boʻyicha komissari Yozef Sikela Markaz haqidagi taassurotlari bilan oʻrtoqlashar ekan, uni nafaqat Oʻzbekiston tarixi, balki butun islom tamaddunini zamonaviy tarzda namoyish etishda oʻziga xos platforma sifatida baholadi.
– Men juda hayratdaman. Fikrimcha, bu juda zamonaviy va taʼlimiy yondashuv orqali nafaqat mamlakatingiz tarixini, balki islom tarixini ham keng jamoatchilikka tanishtirishning eng zoʻr usuli. Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi bilan mamlakatingiz, jumladan, Toshkent kabi goʻzal shahar yanada yangi, jozibadorlik kasb etmoqda. Bu esa mamlakatingizga yanada koʻproq mehmonlar va sayyohlar kelishiga xizmat qiladi. Tabriklayman, chunki bu juda muhim tashabbus. Biz qaysi ildizdan kelayotganimizni unutmaslik nihoyatda zarur. Bu Markaz haqida Prezident Shavkat Mirziyoyev janoblari maʼlumot berganlarida asosiy gʻoyasi aholiga tarix haqida koʻproq maʼlumot yetkazish, islom dinini tinchliksevar va bagʻrikenglik dini sifatida taqdim etishdan iboratligini qayd etdi. Janob Prezidentning tavsiyasi bilan biz ushbu Markazni koʻrishga qiziqdik, – deydi yevrokomissar Yozef Sikela.
Yevropa Ittifoqining Kengayish masalalari boʻyicha komissari Marta Kos Markazda amalga oshirilgan keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari, tarixiy merosni saqlashga oid ilgʻor texnologiyalar va ekspozitsiyalardagi zamonaviy interaktiv yechimlardan juda katta taassurot olganini bildirdi. Martabali mehmon Markazni shaxsan koʻrish imkoni nihoyatda quvontirganini taʼkidlab, Oʻzbekiston Prezidentining oʻz xalqi madaniyati va merosini asrashga qaratilgan saʼy-harakatlarini yuksak baholadi.
– Bunday Markazni tasavvur ham qila olmasdim. Oʻz tarixingiz va bugungi hayotingizda muhim boʻlgan barcha jihatlarni shu qadar taʼsirli tarzda namoyish etayotganingiz meni chin dildan hayratga soldi. Bu markazni koʻrayotganimdan juda mamnunman va bu men uchun katta sharaf. Yana shuni qoʻshimcha qilmoqchimanki, siz bilganingizdek, Islom sivilizatsiyasi markazining bunyod etilishi Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilgan. Bunday markazni qurish gʻoyasi va uning mazmuni – bularning barchasi juda yuqori qadrlanishi kerak boʻlgan ishlar. Oʻz xalqiga yaxshilik qiladigan Prezidentlarni men juda qadrlayman. Chunki anʼana, tarix muhim — biz bularni avloddan-avlodga meros qilib yetkazamiz. Prezidentingiz xalq uchun shunday ishni amalga oshirgani nihoyatda oliyjanob tashabbus.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan ilk bor bir necha vaqt oldin Bryusselda uchrashgan edik. Bu uchrashuvimiz ikkinchisi va menga yoqadigan jihati shuki, davlatingiz rahbari aniq reja asosida ishlaydigan inson. Navbatdagi uchrashuvimizda Prezidentingiz tomonidan bir necha masalalarda hamkorliklarimiz boʻyicha kerakli tavsiyalar bildirildi va bu fikrlarga toʻliq rozi boʻldim. Birgalikda amalga oshirishimiz mumkin boʻlgan ulkan loyihalar bor. Bu imkoniyatga ega boʻlganimdan mamnunman.
Shuningdek, Marta Kos xonimning taʼkidlashicha, anʼanalar va madaniyat har bir xalqning negizi boʻlib, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilgan bunday loyihalar oʻta qimmatli va strategik ahamiyatga ega.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma