Islom hamkorlik tashkilotining Turizm forumida Oʻzbekistondagi mega loyiha haqida maʼlumot berildi

 


Toshkentda oʻtayotgan “Ipak yoʻlida turizm” xalqaro yarmarkasi doirasida Islom hamkorlik tashkiloti Turizm forumi boʻlib oʻtib, unda oʻnlab mamlakat vakillari turistik hamkorlik, innovatsiyalar va madaniy merosni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Forumda Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi va gʻoyasi asosida bunyod etilgan mega loyiha –  Islom sivilizatsiyasi markazi mazmun-mohiyati haqida maʼlumot berildi. Markaz muzeyi ekspozitsiyalarida sunʼiy intellekt asosida yaratilgan kontentlar ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi.


Forumda Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Senegal va qator boshqa mamlakatlardan turizm sohasiga masʼul tashkilotlar rahbarlari hamda mutaxassislar ishtirok etdilar. Unda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov maʼruza qilib, markazning xalqaro ahamiyati va soʻnggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar haqida maʼlumot berdi.

 

– Soʻnggi yillarda markaz faoliyatini takomillashtirish boʻyicha oʻndan ortiq farmon va qarorlar qabul qilindi. Ekspozitsiyalarni yaratishda mahalliy va xorijiy mutaxassislar ishtirok etmoqda. Markaz muzeyi zamonaviy talablar asosida jihozlanib, 250 dan ziyod tach-panellar oʻrnatildi. Buyuk ajdodlarimizning siymosi sunʼiy intellekt texnologiyalari yordamida avatarlar orqali jonlantirildi. Olimlarimiz ishlab chiqqan ilmiy loyihalar ekspozitsiyada keng qoʻllanilmoqda, — dedi Rustam Jabborov. 

 

Tadbir davomida Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga bagʻishlangan videorolik namoyish etildi. Bugun forum ishtirokchilarining Markazga tashrifi rejalashtirilgan.