“Keksalar uchun turizm oyligi”da faxriy ustozlar uchun tarixiy sayohat tashkil etildi


Har yili noyabr oyida mamlakatimizda oʻtkaziladigan “Keksalar uchun turizm oyligi” doirasida IIV Akademiyasining xodimlari va isteʼfodagi faxriy professor-oʻqituvchilari uchun Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga sayohat tashkil etildi. Sayohat tarixga hurmat, yoshlarga saboqning amaliy ifodasi boʻldi.
Mehmonlar markazdagi tarixiy ekspozitsiyalar, islomdan avvalgi, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari hamda Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotiga oid ilmiy materiallar bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, raqamli qurilmalar yordamida taqdim etilgan ajdodlarimiz merosi, turli davrlar artefaktlari va interaktiv namoyishlar tashrif buyurganlar eʼtiborini tortdi. Tadbir faxriylar va xodimlarning maʼnaviy hordiq olishlariga munosib hissa qoʻshdi.
Axtam Tursunov, Yuridik fanlar doktori, professor:
– Dunyoning koʻplab muzeylarida va ilm maskanlarida boʻlganman. Biroq bu yerdagi koʻlam, mazmun va texnologik yondashuv oʻzgacha. Binoning tashqi va ichki qiyofasida zamonaviy arxitektura, milliy meros va tarixiy gʻoyalar mukammal uygʻunlashgan. Bunday ulkan va mazmunli markazning yaratilishi Prezidentimizning tarixiy meros va maʼnaviyatga qaratgan eʼtiborining yorqin samarasidir. Ushbu maskan xalqimiz va xorijiy mehmonlar uchun tengsiz maʼnaviy boylik manbai hisoblanadi.

Zumrad Qoʻchqorova, IIV Akademiyasi Maʼnaviyat va Maʼrifat markazi katta mutaxassisi, kapitan:
– Faxriy ustozlarimiz bilan bu maskanga tashrif buyurish biz uchun katta sharaf va unutilmas tajriba boʻldi. Interaktiv texnologiyalar yordamida oʻtmish voqeligini goʻyo oʻz koʻzingiz bilan koʻrgandek boʻldik. Shu bois bu yerga kursantlarimizni ham olib kelishni rejalashtirdik. Markazning tarbiyaviy, maʼrifiy va ilmiy ahamiyati yoshlar uchun juda katta ahamiyatga ega.
Davlat Yusupov, IIV Akademiyasi faxriylar kengashi raisi, falsafa fanlari nomzodi, isteʼfodagi polkovnik:
– Bugungi kunda shiddat bilan oʻzgarib borayotgan jarayonlarda ayniqsa, yoshlarda radikal kuchlarga, diniy harakatlarga qarshi immunitetni shakllantirish nuqtai nazardan bu markaz juda katta ahamiyatga ega, deb oʻylayman. Shu nuqtai nazardan, Markazning tarbiyaviy ahamiyati beqiyos. Ushbu markazning barpo etilishi Prezidentimizning tarixiy meros, maʼnaviyat va yoshlar taʼlimiga qaratgan eʼtiborining amaliy ifodasidir. Tashrifni tashkil etgan IIV Akademiyasi rahbariyatiga va Markaz jamoasiga minnatdorchilik bildiraman.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma