Polsha vaziri: “Islom sivilizatsiyasi markazi — unutilmas taassurotlar makoni”

 

Oʻzbekistonning boy tarixiy merosi va zamonaviy ekspozitsiyalar, interaktiv texnologiyalar uygʻunlashgan Islom sivilizatsiyasi markaziga navbatdagi nufuzli mehmon — Polsha qishloq xoʻjaligi vaziri Stefan Krayevski boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Stefan Krayevski Prezident Shavkat Mirziyeyov tashabbusi bilan bunyod etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan tanishar ekan, taassurotlar uzoq yillar yodidan chiqmasligini aytdi. Islom sivilizatsiyasi markazi mamlakatimizning boy tarixiy va maʼrifiy merosini saqlash hamda targʻib etish maskaniga aylanmoqda.

 

 

Markaz zamonaviy ekspozitsiyalar, raqamlashtirilgan arxivlar va interaktiv taqdimotlar orqali Oʻzbekistonning qadimiy ildizlari, ilmiy-anʼanaviy merosi hamda zamonaviy rivojlanish yoʻlini dunyo hamjamiyatiga ochiq va tushunarli qilib namoyish etadi. 

 

Polsha Respublikasi Qishloq xoʻjaligi va qishloqlarni rivojlantirish vaziri Stefan Krayevski boshchiligidagi delegatsiya markazga tashrif buyurdi. Delegatsiya aʼzolari Markazning asosiy boʻlimlari — tarixning turli davrlariga bagʻishlangan ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdilar. Ekskursiya markaz mutaxassislari tomonidan olib borilib, har bir boʻlimning maqsadi, tadqiqot yoʻnalishlari haqida batafsil maʼlumot berildi.

 

 

Tashrif yakunida Stefan Krayevski oʻz taassurotlarini quyidagicha ifoda etdi: 

 

“Bu yerda uchta renessans — Oʻzbekistonning bugungi qiyofasiga taʼsir koʻrsatgan jarayonlar va buyuk insonlar yaratgan meros — bularning barchasi aniq va ixcham tarzda namoyish etilgan. Insoniyatni yangi yoʻnalishga boshlagan dastlabki oʻzgarishlar, ulkan siljishlar bu yerda yoritilgan va ularning ahamiyati beqiyos. Prezident Shavkat Mirziyoyev qarori bilan bunyod etilgan ushbu maskan tarixning boshidan hozirgi davrgacha boʻlgan jarayonni toʻliq ochib beradi. Bu markaz bugungi va kelajak avlodlar — ayniqsa bolalar va yoshlar uchun tarixni oʻrganish, anʼanalar va milliy qadriyatlarga hurmat ruhini singdirish uchun juda muhim. Bu taassurotlar uzoq yillar yodimizdan chiqmaydi. Biz Polsha-Oʻzbekiston munosabatlarini iqtisodiy sohalardan boshlab madaniyat, taʼlim va insonparvarlik masalalarigacha rivojlantirmoqdamiz. Oʻzbekiston Markaziy Osiyodagi eng muhim sheriklarimizdan biri hisoblanadi. Talabalar almashinuvi va ilmiy hamkorlik kabi tashabbuslar yillar davomida doimiy doʻstlik va ishonchni shakllantirishga xizmat qildi. Umid qilamanki, bu aloqalar yanada mustahkamlanadi.”

 

 

Delegatsiya aʼzolari markazning ilmiy-uslubiy sohaga qoʻshayotgan hissasi, raqamli va interaktiv yechimlarning yoshlarni ilmiy izlanishga jalb qilishdagi roli va tarixiy manbalarni xalqaro hamjamiyatga yetkazishdagi qulayliklarini yuqori baholadilar.