Tojikiston delegatsiyasi Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va gʻoyasi mahsulidan katta taassurot oldi

 

 

Tojikiston delegatsiyasi Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi boʻlgan tarix va zamonaviylik uygʻunlashgan mega loyiha – Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazidan katta taassurot oldi. Tarixiy qoʻlyozmalar, qadimiy artefaktlar va ilmiy izlanishlar bilan tanishish jarayonida mehmonlar Oʻzbekistonning boy madaniy merosini asrash va targʻib etishdagi ilgʻor yondashuvini yuqori baholadilar.

 

Mehmonlarning eʼtiroficha, ushbu Markaz bugungi kunda Markaziy Osiyodagi eng yirik ilmiy-maʼrifiy maskanlardan biridir.

 

 

Sulton Rahimzoda, Tojikiston Respublikasi Investitsiyalar va davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi raisi:

 

– Islom sivilizatsiyasi markazi Markaziy Osiyoning boy maʼnaviy va ilmiy merosini oʻzida mujassam etgan, juda taʼsirli va mazmunli maskan. Ushbu markaz muhtaram Prezidentingiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgani ham uning tarixiy, maʼrifiy va strategik ahamiyatini yanada oshiradi. Bu yerga kelgan har bir mehmon mintaqamizdagi islom tarixining taraqqiyot yoʻli, Markaziy Osiyo xalqlarining ulkan ilmiy salohiyati va asrlar davomida shakllangan madaniyati haqida mukammal tasavvurga ega boʻladi. Ushbu markazga tashrif har bir inson uchun millat va mintaqa tarixini chuqur anglash, xalqlarimiz bosib oʻtgan taraqqiyot bosqichlarini  bilish hamda olimlarimiz nafaqat oʻz yurtida, balki butun dunyo ilm-faniga qoʻshgan hissasini koʻrish uchun muhim imkoniyatdir.

 

 

Tashrif chogʻida Markaz vakillari va mehmonlar ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirish, tajriba almashish va qoʻshma tadbirlar hamda loyihalarni amalga oshirish boʻyicha fikr almashdilar.