YANGI AVLOD HUQUQShUNOSLARI UChUN OChILGAN BILIM DARVOZASI

 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurgan huquqni muhofaza qilish akademiyasi magistrantlari bir kunda tarix, maʼrifat va tergov amaliyoti oʻrtasidagi ichki bogʻliqlikni koʻrishga muvaffaq boʻldilar. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va gʻoyasi bilan bunyod etilgan Oʻzbekistondagi mega loyihaning zamonaviy ekspozitsiyalari, qadimiy manbalar va korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha amaliy suhbatlar ularga kelajak faoliyati uchun muhim “signal”lar berdi.

 

 

Islom sivilizatsiyasi markazida Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi magistrantlari uchun sayyor oʻquv mashgʻuloti oʻtkazildi. Oʻquv mashgʻulot davomida tinglovchilarga Markazda olib borilayotgan diniy-maʼrifiy yoʻnalishdagi ishlar, ilmiy tadqiqotlar, tarjimalar va ularning bugungi kundagi ahamiyati haqida batafsil maʼlumot berildi. Xususan, ajdodlarimiz ilmiy merosining zamonaviy ilmiy talablarga mos tarzda tarjima qilinayotgani, ilmiy izohli akademik nashrlar tayyorlanayotgani taʼkidlandi. Ushbu asarlarning mazmuni jamiyatda uchraydigan bir qator muammolarga ilmiy asoslangan yechim taklif etishi, ekstremizmning oldini olishda muhim oʻrin tutishi qayd etildi. 


Shu bilan birga, Markazda oʻtkazilgan mazkur yigʻilishda korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Tinglovchilarga korrupsiya — davlat boshqaruvi, huquqni muhofaza qilish tizimi va jamiyat barqarorligiga eng katta xavf tugʻdiruvchi omillardan biri ekani, u bilan kurashishda halollik, shaffoflik va masʼuliyatning muhimligi haqida batafsil maʼlumot berildi. Korrupsiyaga oid jinoyatlarning tergov ishlarida uchraydigan asosiy muammolar, ularni aniqlashda ilmiy yondashuvning oʻrni hamda tarixiy-maʼnaviy merosning korrupsiyaga qarshi madaniyatni shakllantirishdagi ahamiyati haqida fikr almashildi. 

 


Markaz katta ilmiy xodimi Abdushukurjon Muratov oʻquv mashgʻuloti davomida Jaholatga qarshi kurashda eng kuchli qurol — bu kitob va ilm ekanligiga toʻxtalarkan, dunyo tajribasidan ayrim tushuntirishlar haqida maʼlumot berdi. 

 

– Dunyoning koʻplab mamlakatlari tajribasi shuni koʻrsatadiki, aholining kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishi ortgan sari jamiyatda jinoyatchilik darajasi izchil kamayadi. Chunki kitob inson tafakkurini shakllantiradi, dunyoqarashini kengaytiradi va tanqidiy fikrlashni kuchaytiradi. Islom sivilizatsiyasi markazida ham aynan shu maqsadda yuzlab tarixiy manbalar ilmiy izohlar bilan qayta nashr qilinmoqda. Ajdodlarimizning asarlari zamonaviy oʻzbek tiliga tarjima qilinib, keng jamoatchilik uchun tushunarli shaklda yetkazilmoqda. Ilmga tayanish, kitob oʻqishni targʻib etish va yoshlar ongini toʻgʻri shakllantirish — har qanday jinoyatchilikning oldini olishda eng samarali profilaktik mexanizmdir, — dedi A.Muratov. 

 

 

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi oʻzining ilmiy-maʼrifiy muhiti, nodir eksponatlari va zamonaviy ekspozitsiyasi bilan talaba-yoshlarning dunyoqarashini boyitishda muhim maskan sifatida tobora katta ahamiyat kasb etmoqda. Oʻquv-mashgʻulotda ishtirokchilar Markazning bunyod etilishi tarixi haqidagi hujjatli filmni tomosha qildilar, bu esa ularga loyihaning mazmun-mohiyati va mamlakatimizdagi maʼrifiy islohotlar doirasida tutgan oʻrni haqida yanada toʻliq tasavvur paydo qildi. 

 

 


Shundan soʻng taqdim etilgan maʼlumotlarning amaliy ifodasi, hujjatli filmdagi haqiqiy manzarani koʻrish uchun Markaz muzeyiga tashrif buyurdilar. Tashrifning asosiy qismida magistrlar Markaz muzeyi ekspozitsiyalarida oʻrin olgan qadimiy qoʻlyozmalar, nodir eksponatlar, raqamlashtirilgan artefaktlar hamda zamonaviy ilmiy-fondlash tizimi haqida batafsil maʼlumot oldilar. 

 

Yulduz Mavlonova, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi magistranti: 

 

– Ayniqsa tarixiy voqealarni jonli tarzda aks ettirgan ekspozitsiyalar meni juda oʻziga tortdi. Shuningdek, islomdan avvalgi davrga oid oltin taqinchoqlar ham chuqur, unutilmas taassurot qoldirdi.

 

Valijon Sherzodov, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi magistranti:

 

– Qurilish va meʼmoriy yechimlarda, ishlatilgan materiallarda nihoyatda oqilona yondashuvni koʻrdik. Bu maskan, muhtaram Prezidentimiz taʼkidlaganidek, Oʻzbekiston madaniyati va yoshlarimiz maʼrifatini yuksaltirish yoʻlidagi buyuk poydevorlardan biri boʻlib xizmat qiladi. Bizga mashgʻulot jarayonida “bu markazga kirgan inson maʼrifatni qaytadan boshlaydi, yaʼni bu joy odamni oʻzgarishga undaydigan, fikrlashini kengaytiradigan noyob makon”ligi haqida aytib oʻtishdi. Markaz muzeyi ekspozitsiyasi bilan tanishar ekanmiz, buning guvohi boʻldik. Chunki bu yerda tariximiz juda boy, keng qamrovda va juda taʼsirli tarzda yoritilgan. Bundan juda ham mamnunmiz va avvalo, davlatimiz rahbariga, mutasaddi tashkilotlarga minnatdorchiligimizni bildiramiz. 


Shu oʻrinda aytib oʻtishim kerakki, meni eng koʻp qiziqtirgan jihatlardan biri muzeyga kirish qismida buyuk bobokalonlarimiz tarjimai hollarining toʻqqiz tilda bayon qilingani boʻldi. Bu, shubhasiz, yurtimizning turistik salohiyatini oshirishga ham katta hissa qoʻshadi.

 

Turgʻun Noraliyev, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi magistranti: 

 

– Biz Prezidentimiz tashabbusi bilan bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif davomida islom dinining paydo boʻlishidan tortib bugungi kungacha boʻlgan barcha tarixiy bosqichlarni, shuningdek, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, jadidchilik harakati va Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot yoʻlini yaqqol koʻrdik. Bu maskan tariximizning eng muhim sahifalarini chuqur va taʼsirli tarzda namoyish etadi. Markaz faoliyati hamda bunday imkoniyatni yaratgani uchun muhtaram Prezidentimizga va markaz rahbariyatiga, shuningdek, bu ulkan loyihaga oʻz hissasini qoʻshgan barchaga minnatdorchilik bildiramiz.