Fransiya Qurolli Kuchlari delegatsiyasi Oʻzbekistonning madaniy merosni asrash yoʻlidagi yondashuvidan hayratga tushdi

 

Sirli qoʻlyozmalar, raqamlashgan artefaktlar va tarixni qayta jonlantiruvchi texnologiyalar – Oʻzbekiston Prezidentining tashabbusi va gʻoyasi nafaqat diplomatlar, balki Yevropa davlatlarining harbiy kuchlari vakillarida ham katta qiziqish uygʻotmoqda.


Oʻzbekistondagi mega loyiha –  Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy-maʼrifiy yoʻnalishi, raqamlashtirilgan ekspozitsiyalari va boy madaniy merosi bilan xalqaro hamjamiyat eʼtiborida boʻlib kelmoqda. Markazga tashrif buyuruvchi nufuzli delegatsiyalar sonining ortib borishi uning mamlakat hamda butun mintaqadagi muhim ilmiy-madaniy maskan sifatidagi nufuzini yanada mustahkamlamoqda.

 

 

 

Fransiya Qurolli Kuchlari Bosh shtabi va Mudofaa vazirligi Xalqaro munosabatlar boshqarmasi vakillaridan iborat delegatsiya Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.

 

Tashrif doirasida mehmonlar Markazning asosiy ekspozitsiyasi, raqamlashtirilgan artefaktlar, nodir qoʻlyozmalar galereyasi hamda ilmiy fondlarda saqlanayotgan tarixiy manbalar bilan yaqindan tanishdi. Delegatsiya aʼzolari Markazda qoʻllanilayotgan ilmiy yondashuv, zamonaviy muzey texnologiyalari va madaniy merosni targʻib etishning innovatsion formatlariga katta qiziqish bildirdi.

 

 

Fransiya Qurolli Kuchlari Bosh shtabi Xalqaro aloqalar boʻlimida Yevropa va Yevroatlantika mintaqasi boʻyicha direktor vazifasini vaqtincha bajaruvchi, birinchi darajali kapitan Jerom Shevale oʻz taassurotlarini quyidagicha izhor etdi:

 

“Muzeyning asosiy afzalligi – barcha kolleksiyalar yagona ilmiy-madaniy makonda mazmunli va tartibli holda taqdim etilganidir. Har bir eksponatning aniq izohi, tarixiy qiymati va madaniy ahamiyati puxta yoritilgan. Bunday ulkan va muhim loyihani amalga oshirgani uchun Prezidentingizni va butun Oʻzbekiston xalqini chin dildan tabriklayman.”

 

Markazning global ilmiy hamjamiyat bilan aloqalari, tarixiy manbalarni saqlash boʻyicha qoʻllanilayotgan texnologiyalar va turli davlatlar bilan ilmiy hamkorlik yoʻnalishlari mehmonlar eʼtiborini tortdi. Fransiyalik harbiy mutaxassislar ushbu markazni “Islom tarixining eng muhim qatlami zamonaviy talqinda mujassam boʻlgan noyob ilmiy maskan” sifatida baholab, Oʻzbekistonning madaniy merosni asrash borasidagi yondashuvini yuqori darajada eʼtirof etdilar.

 

 

Fransiya Qurolli Kuchlari vazirligining Xalqaro aloqalar va strategiya Bosh boshqarmasi Yevropa, Shimoliy Amerika va koʻp tomonlama harakatlar boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari polkovnik Patrik Brian ham Markaz faoliyatini yuksak baholab, shunday dedi:

 

“Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida barpo etilgan bu markaz juda chiroyli va zamonaviy tarzda yaratilgan. Undagi ekspozitsiyalar bilan tanishish bizda katta taassurot qoldirdi. Bu yerdan Oʻzbekiston kabi buyuk mamlakat sivilizatsiyasi, madaniyati va tarixi haqida koʻplab yangi maʼlumotlarga ega boʻldik.”

 


Tashrif yakunida tomonlar ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirish, ekspertlar oʻrtasida tajriba almashish, qoʻshma tadbir va ilmiy loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelgusi rejalarni muhokama qildilar.