Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi XVJ ekspertlarini hayratga soldi


Xalqaro valyuta jamgʻarmasi (XVJ) delegatsiyasi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, markazning barcha ekspozitsiya zallari, tarixiy artefaktlar, arxeologik topilmalar, qoʻlyozmalar, sunʼiy intellekt asosida yaratilgan interaktiv imkoniyatlar va zamonaviy multimediali installyatsiyalar bilan tanishdi. Delegatsiya aʼzolari Markazning ilmiy konsepsiyasi, ekspozitsiyalar muvozanati va texnologiyalar uygʻunligini yuqori baholadilar.
Tashrif doirasida XVJning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Koba Gvenetadze markaz faoliyati haqidagi taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi.
— Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurish men uchun katta sharaf. Markaz nafaqat Oʻzbekiston, balki butun mintaqa uchun muhim maʼrifiy maskan ekanini yaqqol namoyon qiladi. Ekspozitsiyalar ilmiy jihatdan puxta ishlangan, zamonaviy texnologiyalar bilan boyitilgani esa tashrifchini tarixiy jarayonlarning bevosita ishtirokchisiga aylantiradi. Markaz Toshkentning yangi madaniy belgisi sifatida alohida ahamiyatga ega boʻlib, xalqaro sayyohlar oqimini oshirishga xizmat qiladi, — dedi u.

XVJ bosh iqtisodchisi Alexandro Simon ham Markazdagi eksponatlar va multimediali yechimlarni yuksak baholadi.
— Dunyodagi koʻplab nufuzli muzeylarda boʻlganman, ammo Islom sivilizatsiyasi markazi ular bilan bemalol raqobat qila oladi. Bu yerdagi ekspozitsiyalar tarixni nafaqat namoyish qiladi, balki toʻlaqonli tajriba ham boʻladi. Qadimiy qoʻlyozmalar, arxeologik topilmalar va ilmiy meros namunalarining mukammal taqdimoti har qanday tashrifchini hayratga soladi. Markaz insonni maʼnan boyitadigan oʻziga xos makon, — dedi u.

XVJning yana bir bosh iqtisodchisi Etibar Jafarov Markazni «jonli tarix makoni» deb atadi.
— Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Markazdagi ekspozitsiyalar jonli, tushunarli va har bir qatlamida katta mehnat seziladi. Bu joy nafaqat olimlar, balki yoshlar, sayyohlar va keng jamoatchilik uchun ham juda qiziqarli. Ekspozitsiyalar, interaktiv oʻyinlar, koʻrgazmali materiallar — bularning barchasi Oʻzbekistonning ulkan tarixini yanada ravshanlashtirib beradi. Bu yerdagi har bir eksponat, har bir tasvir — bizning umumiy tariximiz va qadriyatlarimizning yorqin ifodasi. Turkiy mamlakatlar va Ozarbayjondan keladigan mehmonlarga albatta bu markazni koʻrishni tavsiya qilaman, — deya taʼkidladi u.

Tashrif yakunida delegatsiya aʼzolari Islom sivilizatsiyasi markazining madaniy, tarixiy va ilmiy ahamiyatini yuqori baholab, bunday maskanlar mamlakatlar oʻrtasidagi maʼnaviy va madaniy hamkorlikni mustahkamlashda muhim oʻrin tutishini taʼkidladilar.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma