“Kelajak merosi”: nafaqat xalqaro mukofot, balki...


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyeyovning yana bir tashabbusi xalqaro miqyosda oʻziga xos va qimmatli qadam boʻldi: “Kelajak merosi” nafaqat xalqaro mukofot, balki mintaqa ijodkorlari uchun yangi kuch, yangi ragʻbat asosi, deyish mumkin...

 

Joriy yilning 13-15 noyabr sanasida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Prezident Shavkat Mirziyeyov tashabbusi bilan oʻtkazilgan xalqaro kongress juda taassurotlarga boy oʻtdi. “Markaziy Osiyo: umumiy maʼnaviy-maʼrifiy meros – umumiy kelajak” mavzusidagi xalqaro kongress mintaqa va Ozarbayjonni maʼrifatni keng targʻib qilish yoʻlidagi birlashuv boʻldi. 


Anjuman doirasida delegatsiya uchun tashkil etilgan Markaz bilan tanishuvdan tortib ekspozitsiyalardagi noyob artefaktlaru sanʼat koʻrgazmalarigacha, shuningdek, maʼrifatchilarning muhokama yigʻilishlaridan ilgari surilgan tashabbuslargacha barchasi alohida kayfiyat ulashdi.


Ayniqsa, Prezident Shavkat Mirziyoyevning kongress qatnashchilariga yoʻllagan tabrigi barcha ishtirokchilarda koʻtarinki ruh bagʻishladi.
 


Prezident tabrigida jumladan shunday deyiladi: 

 

«Maʼlumki, Markaziy Osiyo va Ozarbayjon xalqlarini koʻp asrlik doʻstlik va birodarlik rishtalari, umumiy tarix va madaniyat, bebaho maʼnaviy va ilmiy meros birlashtiradi. Kongressni oʻtkazish uchun aynan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining tanlanishi bejiz emas. Ushbu betakror intellektual-maʼnaviy majmuada sizlar uch ming yillik shonli tarixga, jumladan Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlariga guvoh boʻlasiz, shu bilan birga Yangi Oʻzbekistonning bugungi taraqqiyoti va kelajagini aks ettiruvchi ekspozitsiyani tomosha qilasiz.


Biz barchamiz birgalikda Markaziy Osiyoning ulkan tarixga ega ilm va maʼrifat markazi sifatidagi oʻrnini mustahkamlash uchun faol ishlar olib borishimiz zarur. Bugungi forum bizning ilmiy va madaniy hayotimizni rivojlantirishda samarali maydon boʻlishiga ishonaman». 


Kongressning eng yorqin lahzasi esa bu Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan “Kelajak merosi” xalqaro mukofoti taqdirlash marosimidir. Islom sivilizatsiyasi markazida tashkil etilgan taqdirlash marosimida Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon Prezidentlari ishtirok etishdi.
 


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan taʼsis etilgan xalqaro mukofot adabiyot, madaniyat, sanʼat, fan, taʼlim va raqamli texnologiyalar sohalarida katta yutuqlarga erishgan yurtimiz va xorijiy ijodkorlarni ragʻbatlantirishga qaratilgan.


Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon vakillaridan bir necha nafari quyidagi nominatsiyalarda taqdirlanishdi:


▪️“Adabiyot”  yoʻnalishida Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) bosh kotibi, Qirgʻiziston xalq yozuvchisi Sulton Rayev


▪️“Madaniyat” yoʻnalishida — Tojikiston xalq shoiri Davlat Safarzoda


▪️“Teatr va kino” yoʻnalishida — M. Avezov nomidagi Qozogʻiston Milliy drama teatri aktyori Yerkebulan Dayirov


▪️“Musiqa va raqs” yoʻnalishida — Ozarbayjon xalq artisti Alim Gasimov


▪️“Tasviriy va amaliy sanʼat” yoʻnalishida — Turkmaniston xalq artisti Babasari Annamiradov


▪️“Fan, taʼlim va raqamli texnologiyalar” yoʻnalishida — Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi xalqaro markaz direktori oʻrinbosari, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori Dilafruz Egamberdiyeva.

 

Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) bosh kotibi, Qirgʻiziston xalq yozuvchisi Sulton Rayev Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan yoʻlga qoʻyilgan ushbu mukofot mintaqa miqyosidagi eng nufuzli loyihalardan biri ekanligini eʼtirof etdi:

 

– Kelajak merosi xalqaro mukofoti Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan yoʻlga qoʻyilgan mintaqa miqyosidagi eng nufuzli loyihalardan biridir. Bu mukofot nafaqat Markaziy Osiyo xalqlari, balki butun turkiy dunyo madaniyati, ilmi, tili va maʼnaviyatini rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim platformaga aylanib bormoqda. Ushbu eʼtirof xalqlarimizning umumiy tarixiy merosi, qadimiy anʼanalari va maʼnaviy umum jihatlarini yanada chuqur oʻrganishga, ularni keng targʻib qilishga, madaniy va maʼrifiy sohadagi hamkorlikni yuqori bosqichga olib chiqishga katta ruhiy va amaliy turtki beradi. Shu bilan birga, “Kelajak merosi” mukofoti davlatlarimiz oʻrtasidagi madaniy, ilmiy va taʼlim sohasidagi aloqalarni mustahkamlash, doʻstlik va birdamlikni chuqurlashtirish borasida muhim qadam boʻlib, mintaqaviy hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qilmoqda, – deydi S. Rayev.

 

Qishloq xoʻjaligi fanlari doktori Dilfuza Egamberdiyeva esa bu tarixiy masʼuliyat, shu bilan birga yurt nomini munosib himoya qilish ekanligini qayd etdi.

 

– Davlat rahbarimiz tomonidan taʼsis etilgan “Kelajak merosi” xalqaro mukofotiga sazovor boʻlganimdan juda minnatdor va xushnudman. Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon rahbarlari ishtirokida bu yuksak mukofotni qabul qilish men uchun katta sharafdir. Besh davlat vakillari orasidan tanlangan laureatlar qatorida boʻlish — bu tarixiy masʼuliyat, shu bilan birga yurtim nomini munosib himoya qilish demak. Ahamiyatlisi, bu yoʻlda ayol olim sifatida mukofotga loyiq koʻrilgan yagona nomzod boʻldim. Bu esa mamlakatimizda ayollarning ilmiy va ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga davlatimiz tomonidan katta eʼtibor qaratilayotganidan dalolat beradi. Men qishloq xoʻjaligi sohasida ilm-fan va innovatsiyalar bilan shugʻullanaman. Jahon fanlar akademiyasi mukofotiga sazovor boʻlgan boʻlsam-da, aynan Vatanim nomidan berilgan bu mukofot men uchun alohida qimmatga ega. “Kelajak merosi” tashabbusi — faqat mukofot emas, balki qardosh davlatlarni birlashtiradigan, ilm-fan, madaniyat va sanʼatni rivojlantirishga xizmat qiladigan muhim loyihadir. Bu tashabbus xalqaro miqyosda ham oʻziga xos va qimmatli qadam boʻlib, doʻstona hamkorlik va barqaror kelajakni shakllantirishga xizmat qiladi,– dedi D. Egamberdiyeva.

 

 

 – Ushbu imkoniyat nafaqat shaxsiy faoliyatim uchun, balki xalqlarimiz oʻrtasidagi madaniy va maʼnaviy aloqalarni rivojlantirishda ham muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyeyov tashabbusi bilan taʼsis etilgan “Kelajak merosi” yuksak mukofotiga loyiq topilganim uchun samimiy tashakkur bildiraman. Bu eʼtirof menga yangi ilhom, masʼuliyat va faoliyatimni yanada yuqori darajada olib borish uchun katta kuch bagʻishlaydi, – dedi Tojikiston xalq shoiri Davlat Safarzoda.

 

 

 – Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjondan turli sohalarda faoliyat yuritayotgan yetuk mutaxassislarning “Kelajak merosi” xalqaro mukofotiga munosib koʻrilgani bu mintaqamiz oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlikning yana bir yorqin namunasidir. Ushbu eʼtirof bizga davlatlarimiz oʻrtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash, umumiy tarix, til va qadriyatlarimizni targʻib etish, shu bilan birga madaniy va maʼrifiy hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam turtki boʻladi. Bu mukofot men uchun katta masʼuliyat boʻlib, kelgusida ham yurtimiz sharafini munosib va fidoiylik bilan himoya qilishga ilhom bagʻishlaydi, – dedi M.Avezov nomidagi Qozogʻiston Milliy drama teatri aktyori Yerkebulan Dayirov.

 

– Ijodkor insonlar yaratgan asarlar doimo yashashi, kelajak nasllar ulardan oʻrnak olishi kerak. Mehnatimizni qadrlaganlari uchun Oʻzbekiston Prezidentiga va xalqiga minnatdorlik bildiramiz. Ijod ahliga, hunarmandlarga, adabiyot va sanʼat vakillariga bunday imkoniyat yaratilib, mana shunday mukofotlarning taʼsis etilgani, sanʼat va madaniyatimiz, anʼanalarimiz kelajak avlodlarda ham davom etishiga xizmat qiladigan nihoyatda muhim qadriyatdir, – dedi Ozarbayjon xalq artisti Alim Gasimov.


Yetakchilar huzurida laureatlarga mukofot statuetkasi, diplom hamda pul mukofotlari topshirildi.


Tadbirda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida oʻtkazilgan “Markaziy Osiyo: umumiy maʼnaviy-maʼrifiy meros – umumiy kelajak” mavzusidagi xalqaro kongressning 250 ga yaqin qatnashchilari ham ishtirok etdi. 


Davlat rahbarlari sovrindorlar bilan suratga tushdilar.