Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Turkiyada Qoʻlyozmalar boshqarmasi rahbari bilan uchrashdi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov Turkiya Respublikasi Prezidenti administratsiyasi huzuridagi Qoʻlyozmalar boshqarmasida boʻldi va boshqarma rahbari Joshkun Yilmaz bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi munosabatlar tobora yuksak bosqichga koʻtarilayotganligi, bu jarayonda ikki davlat rahbarlari oʻrtasidagi yuqori darajali kelishuvlarning katta ahamiyat kasb etishi qayd etildi. Joshkun Yilmaz Oʻzbekistonga bir necha bor tashrif buyurgan vaqtda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlaridan katta taassurot olganini taʼkidladi.
-Oʻzbek va turk xalqlari yagona tarix va madaniy merosga ega boʻlgan xalqlar qatoriga kiradi. Qoʻlyozmalar boshqarmasida saqlanayotgan koʻplab qoʻlyozmalar har ikki xalqning umumiy boyligini tashkil etadi. Shu bois, bu boyliklarni oʻrganish va qoʻlyozmalarni ilmiy hamkorlikda oʻrganish uchun harakatlarni birlashtirishimiz zarur, - dedi Joshkun Yilmaz.
Uchrashuv davomida qator muhim masalalar muhokama qilindi. Jumladan, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan amalga oshirilayotgan “Qurʼoni Karimning 100 nodir qoʻlyozmasi” hamda “Oʻzbekistonga oid 100 nodir qoʻlyozma” loyihalarini davom ettirish masalasi muhokama qilindi. Shuningdek, Turkiya Qoʻlyozmalar boshqarmasiga qarashli Sulaymoniya kutubxonasida saqlanayotgan 800 mingdan ortiq qoʻlyozmalar orasida Oʻzbekiston madaniy merosiga aloqador qoʻlyozmalar ham katta oʻrin egallashi qayd etildi. Kelgusida ushbu qoʻlyozmalarni hamkorlikda oʻrganish, faksimile nashrlarini tayyorlash va ilmiy tadqiqotlar olib borish masalalari kelishib olindi.
Shuningdek, qoʻlyozmalarni oʻqish va oʻrganishda sunʼiy intellekt texnologiyalaridan keng foydalanish zarurligi ham taʼkidlandi. Ayni paytda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida tarixiy qoʻlyozmalarni joriy alifboga oʻtkazish ishlari uchun uzoq muddatli hamkorliklar olib borilmoqda. Kelgusida Sulaymoniya kutubxonasidagi qoʻlyozmalarni oʻrganishda ham ushbu hamkorlik natijalari qoʻllanilishi rejalashtirilmoqda.
Uchrashuv soʻngida Turkiya Qoʻlyozmalar boshqarmasi rahbari Joshqun Yilmaz Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga buyuk alloma Mahmud Qoshgʻariyning «Devonu lugʻotit turk» asarining faksimil nusxasini hadya qildi.
Eslatib oʻtamiz, XI asr boshlarida yaratilgan ushbu nodir qoʻlyozmaning yagona nusxasi Turkiya Millat kutubxonasida saqlanadi. Qoʻlyozmalar boshqarmasi tomonidan mazkur asarning sanoqli faksimil nusxalari chop etilgan boʻlib, ushbu faksimil nusxa Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida namoyish etilishi kutilmoqda.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma