Madaniy-ilmiy hamkorlikning yangi yoʻnalishlari: Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va IRSIKA rahbarlari muloqoti

24 noyabr kuni Istanbul shahrida Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi Markazi direktori, WOSCU Butunjahon jamiyati raisi Firdavs Abduholiqov Islom hamkorlik tashkiloti huzuridagi xalqaro tadqiqot muassasasi — IRSIKAning bosh direktori Mahmud Erol Qilich bilan ishchi uchrashuv oʻtkazdi.
IRSIKA — 57 davlatni birlashtirgan Islom hamkorlik tashkilotining xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hisoblanadi.
Uchrashuv davomida tomonlar IRSIKA va Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oʻrtasidagi samarali va koʻp yillik hamkorlikni mamnuniyat bilan qayd etib, uning ilm-fan va madaniyat sohasidagi oʻzaro aloqalarni mustahkamlashdagi muhim ahamiyatini taʼkidladilar.
Shuningdek, uchrashuv doirasida Oʻzbekiston tarixida yashab oʻtgan buyuk islom ulamolariga bagʻishlangan koʻp jildlik Ensiklopediya yaratish boʻyicha IRSIKA tomonidan berilgan yirik loyihani amalga oshirishga kelishib olindi.
Yaqin vaqtlarda mazkur loyiha uchun Toshkentda mualliflarni tanlash, ilmiy kengashni shakllantirish va ushbu keng qamrovli nashr ustida ishlash konsepsiyasi yuzasidan birinchi qoʻshma yigʻilish oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, IRSIKA Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar, madaniy-maʼrifiy tashabbuslar hamda soʻnggi yillarda IRSIKA va Oʻzbekiston hamkorligida bajarilgan loyihalarga bagʻishlangan maxsus kitob-albom nashrini tayyorlash tashabbusi bilan chiqdi.
Uchrashuv yakunida Firdavs Abduholiqov Mahmud Erol Qilichni 2026 yil mart oyida boʻlib oʻtadigan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining tantanali ochilish marosimiga taklif etdi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma