Turkiyada Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi Markazi taqdimoti boʻlib oʻtdi

 

 

 

Istanbul shahrida Turkiya Milliy saroylar boshqarmasining 100 yilligiga bagʻishlangan xalqaro simpozium doirasida mintaqadagi eng yirik madaniy-maʼrifiy loyihalardan biri — Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi Markazining faoliyati taqdim etildi.


Simpoziumda dunyoning 37 mamlakatidan 50 dan ortiq maʼruzachi va qariyb 300 nafar ishtirokchi qatnashdi. Tadbir muzey ishi va madaniy merosni asrash boʻyicha zamonaviy yondashuvlarni muhokama qilish uchun yirik xalqaro maydonga aylandi. Maʼlumki, 1925 yili Mustafo Kamol Otaturk tashabbusi bilan Usmoniylar imperiyasi saroylari — Toʻpqopi, Dolmabaxche, Yildiz va boshqa tarixiy rezidensiyalar davlat tasarrufiga oʻtkazilgan va bu holat Turkiya Milliy saroylar boshqarmasi tashkil etilishiga asos boʻlgan.

 

Oʻzbekiston taqdimoti: yangi avlodning innovatsion muzeyi


Oʻzbekiston nomidan simpoziumda Islom sivilizatsiyasi Markazi direktori, Oʻzbekiston madaniy merosini asrash, oʻrganish va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati raisi Firdavs Abduholiqov ishtirok etdi. U oʻz maʼruzasida Markazning missiyasi, muzey ekspozitsiyalari konsepsiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yirik mualliflik-maʼrifiy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan xalqaro ilmiy tadqiqotlar haqida soʻz yuritdi.

 

 

Uning taʼkidlashicha, Islom sivilizatsiyasi Markazi dunyo miqyosidagi ilgʻor ilmiy-maʼrifiy va madaniy-taʼlimiy platforma sifatida barpo etilmoqda. Markazning asosiy vazifalaridan biri — islom dinining asl gumanistik mohiyatini, yaʼni bu dinning ezgulik, bagʻrikenglik, tinchlik va maʼrifat dini ekanini jahon jamoatchiligiga yetkazishdir. Shuningdek, Oʻzbekiston zaminida yashab oʻtgan buyuk ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qoʻshgan ulkan hissasi haqida hikoya qilish, mamlakatimizning boy madaniy merosini oʻrganish va targʻib etish ham Markaz faoliyatining muhim yoʻnalishidir.


Markaz ekspozitsiyasining konsepsiyasi yangi modelga tayangan — tarix buyumlar orqali emas, balki ilm-fan va sivilizatsiya taraqqiyotiga taʼsir koʻrsatgan tarixiy shaxslar timsolida namoyon qilinadi. Ekspozitsiyalar eng ilgʻor xalqaro standartlar asosida shakllantirilgan, innovatsion loyihalar bilan boyitilgan va Oʻzbekiston hamda xorijning yetuk mutaxassislari bilan hamkorlikda yaratilgan. Muzeyda sunʼiy intellekt keng qoʻllanilib, buyuk ajdodlarning raqamli qiyofalari yaratilmoqda.

 

Xalqaro tadqiqotlar va madaniy merosni qaytarish ishlari


Soʻnggi yillarda Turkiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Saudiya Arabistoni, Quvayt, Rossiya, Fransiya, Ispaniya, Germaniya va boshqa 20 dan ortiq davlatlarda izlanishlar olib borildi. Prezident topshirigʻiga binoan tashkil etilgan maxsus komissiya tarkibida Markaz delegatsiyalari ushbu tadqiqotlarda faol qatnashdi.


Ushbu keng koʻlamli ishlar natijasida qariyb ikki mingta artefakt Oʻzbekistonga qaytarildi va repatriatsiya jarayoni davom etmoqda. Auksionlar va maxsus galereyalar orqali xarid qilingan sanʼat asarlari va qoʻlyozmalar bilan bir qatorda, WOSCU tashkiloti hamda boshqa xalqaro hamkorlar tomonidan Markazga bebaho artefaktlar sovgʻa qilingan.

 

 

XXI asrning innovatsion muzey ekspozitsiyalari


Markazning ilmiy konsepsiyasini ishlab chiqishda dunyoning turli mamlakatlaridan 1500 ga yaqin olim, tadqiqotchi va muzey mutaxassisi ishtirok etdi. Muzey maydonlari universal taʼlimiy ekotizim sifatida loyihalashtirilgan boʻlib, eng zamonaviy raqamli texnologiyalar bilan jihozlangan:


▪️ 200 ga yaqin interaktiv sensor panellar oʻrnatilgan,


▪️ Sunʼiy intellekt asosida buyuk ulamolarning raqamli avatarlari yaratilgan,


▪️ Yoshlar tarixiy shaxslar bilan “muloqot qilishi” mumkin boʻlgan multimedia platformalari joriy etilgan,


▪️ Har bir tashrif buyuruvchi foydalanishi mumkin boʻlgan buyuk ajdodlar haqidagi elektron bilimlar bazasi yaratilgan.


Yoshlar uchun maxsus taʼlim zonalari, kitobxonlar uchun zamonaviy kutubxona maydonlari, bolalar uchun esa interaktiv rivojlantiruvchi maskanlar tashkil etilgan.


Hozirda uch yoʻnalish boʻyicha maxsus audiodasturlar yaratish ustida ish olib borilmoqda:


1.    Mamlakat mehmonlari va keng omma uchun,


2.    Yoshlar uchun — interaktiv va raqamli taʼlimga yoʻnaltirilgan,


3. Olimlar, ekspertlar va tadqiqotchilar uchun — arxivlar, ilmiy bazalar va tadqiqot infratuzilmasiga kirish imkoniyati bilan.


Sentabr oyida 25 ta mamlakatdan 120 dan ortiq mutaxassislar ishtirok etgan yirik Ekspertlar forumi oʻtkazildi. Xalqaro ekspertlar Markazning ilmiy darajasi, ekspozitsiyalarning chuqurligi hamda islom merosini yoritishning yangi yondashuvini yuqori baholadi.


Ularning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi Markazi — klassik muzey maktabi va ilgʻor interaktiv texnologiyalar uygʻunlashtirilgan, dunyodagi eng zamonaviy yangi avlod muzeylaridan biridir. Bu yerda zamonaviy muzey ekotizimining barcha unsurlari — raqamli yechimlar, taʼlimiy platformalar, kutubxona maydonlari, bolalar zonalari hamda har bir ekspozitsiyaning mazmunni chuqur ochib beradigan tizimlari toʻliq integratsiya qilingan. Ushbu koʻp darajali model xalqaro miqyosda ilgʻor standart sifatida eʼtirof etilib, turli davlatlardagi muzeylarga tavsiya etilmoqda.

 

 


Simpoziumda Markaz faoliyati haqidagi videorolik namoyish etilib, ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi. Taqdimot yakunida Firdavs Abduholiqov xalqaro multimedia loyihasi doirasida Markaz uchun yaratilgan, Gollivud yulduzi Ben Kingsli ishtirok etgan qisqa filmni taqdim etdi.