"Islom sivilizatsiyasi markazining muhimlik darajasini so‘z bilan ta’riflash juda qiyin!" — Abdumajid Madrahimov

Bugungi notinch dunyoda ilm, ma’rifat va madaniyat insoniyatni birlashtiruvchi, tinchlik va barqarorlikni ta’minlovchi eng kuchli vosita bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, buyuk ajdodlarimiz merosini o‘rganish va uni zamonaviy jamiyatga integratsiya qilish bugungi davrning dolzarb vazifalaridandir.


Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi yurtimizda olib borilayotgan ilmiy-ma’naviy uyg‘onishning yorqin ifodasi sifatida dunyo maydonida o‘z o‘rniga ega bo‘lishi kutilmoqda. Bu maskan nafaqat tarixiy haqiqatni tiklash, balki kelajak avlodga sog‘lom tafakkur, bag‘rikenglik va ilmiy qarashlar asosida tarbiya berishga xizmat qilayotgan muhim markazdir.


Markazda amalga oshirilayotgan “Ziyolilar nima deydi?” loyihasi doirasida yurtimizning yetuk olimlari, ziyolilari, ilm fidoyilari o‘z fikr va mulohazalarini bildirmoqda. Ana shunday mehmonlardan navbatdagisi — tarix fanlari doktori, professor Abdumajid Madrahimov bo‘ldi.


“O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xalqimizning ko‘p yillar davomida qilgan o‘chmas izlari va yorqin ishlari, shuningdek, ilm vakillarining fidoyiligi, ijod namunalari hamda III Renessans asosi ushbu ko‘rgazmalarda jamlanadi. Markazni boyitish maqsadida olimlarimiz ayni paytda 800 ga yaqin loyiha ustida ish olib bormoqda. Umid qilamanki, tinchlik, bag‘rikenglik va insoniylik fazilatlarimiz ushbu sa’y-harakatlarimiz misolida namoyon bo‘ladi,” – deydi Abdumajid Madrahimov.


Darhaqiqat, bu kabi ezgu intilishlar orqali ilm-fan, tarix va madaniyat yo‘nalishlarida yuksak natijalarga erishish mumkin. Zero, ilmga asoslangan taraqqiyot, tinchlik va totuvlikka xizmat qiladi. Islom sivilizatsiyasi markazi aynan shunday ezgu maqsad yo‘lida izchil harakat qilmoqda.


To‘liq dasturni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi YouTube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.