Shvetsiya delegatsiyasi: “Oʻzbekiston — Markaziy Osiyoning intellektual yuragi”

 

 

Markaziy Osiyoning boy ilmiy-maʼnaviy merosi bugun dunyo olimlari, diplomatlari va tadqiqotchilari eʼtiborini tobora koʻproq oʻziga tortmoqda. Xususan, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mintaqaning ming yillik tarixini zamonaviy texnologiyalar bilan uygʻunlashtirgan innovatsion ilmiy-maʼrifiy maskan sifatida xalqaro mehmonlarda katta qiziqish uygʻotmoqda.

 

 

Shvetsiyaning Oʻzbekistondagi elchisi Tomas Danestad hamda Shvetsiya xavfsizlik va taraqqiyot instituti direktori, sharqshunos va siyosatshunos doktor Svante Kornellning markazga tashrifi ham ana shu qiziqishning yaqqol misolidir.

 

Tashrif davomida mehmonlar ekspozitsiyalar bilan tanishib, Markaziy Osiyoning Uygʻonish davrlarida tutgan oʻrni, oʻzbek allomalarining jahon ilm-faniga qoʻshgan hissasi va Markazning ilmiy konsepsiyasi haqida fikr bildirdilar.

 

 

Elchi Tomas Danestad markazni “tarixni mutlaqo yangi uslubda namoyish etayotgan noyob makon” deb atadi:

 

“Bu joy shunchaki hayratlanarli. Oʻzbekiston tarixining oʻzi boy, ammo bu tarixning qanday koʻrsatilgani yanada taʼsirli. Gʻarb auditoriyasi uchun bu markaz nihoyatda muhim manba”, — dedi elchi.

 

Unga koʻra, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va gʻoyasi asosida barpo etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat milliy tarixning zamonaviy shakldagi namoyishi, balki Oʻzbekistonning global ilmiy xaritadagi nufuzini oshirayotgan kuchli brend hisoblanadi. Elchi shvetsiyalik sayyohlar ham aynan shu maskan tufayli Oʻzbekiston tarixi va merosiga katta qiziqish bildirayotganini taʼkidladi.

 

 

Doktor Svante Kornell esa markazning koʻlami va konsepsiyasini yuksak baholadi:

 

“Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan bu markaz islom olamida yagona. Bu yerga kirgan har kim Markaziy Osiyo ming yil avval dunyoning intellektual yuragi boʻlganini darhol his qiladi”, — dedi u.

 

Uning taʼkidlashicha, Markaziy Osiyodagi hozirgi mintaqaviy hamkorlik yangi, uchinchi Renessans davri uchun mustahkam poydevor yaratmoqda.

 

Mehmonlar Qurʼon qoʻlyozmalari boʻlimi, Renessans davrlariga bagʻishlangan zallar va “Yangi Oʻzbekiston — Yangi Renessans poydevori” ekspozitsiyasi bilan tanishdilar. Ularni Markazning multimediali yechimlari, ilmiy manbalari va toʻplamlari juda qiziqtirdi.

 

Shvetsiya delegatsiyasi tashrif yakunida Islom sivilizatsiyasi markazini “nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda global ilm-fan targʻibotining muhim markazi” deb baholab, kelgusida hamkorlikni kengaytirish niyatini bildirdi.