“Adabiy doʻstlik – abadiy doʻstlik” mintaqa ijodkorlari uchun yangi platformaga aylandi

 

Toshkentda oʻtgan nufuzli xalqaro kongress doirasida ijod ahli bir maydonga jamlandi: “Adabiy doʻstlik – abadiy doʻstlik” davra suhbatida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon yozuvchilari qardosh xalqlarni yagona maʼnaviy ildizlar, adabiy meros va tarjima madaniyati birlashtirayotganini yana bir bor tasdiqladi.


 

 

Toshkent shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va hukumatning amaliy koʻmagi bilan tashkil etilgan “Markaziy Osiyo: umumiy maʼnaviy-maʼrifiy meros – umumiy kelajak” xalqaro kongressi doirasida “Adabiy doʻstlik – abadiy doʻstlik” mavzusidagi xalqaro adabiy davra suhbati oʻtkazildi. Ushbu davra suhbati 13–15 noyabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan yirik maʼrifiy kongressning muhim madaniy-adabiy yoʻnalishlaridan biri boʻldi.

 

Kongress Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Tashqi ishlar vazirligi, Fanlar akademiyasi, WOSCU va Markaziy Osiyo xalqaro instituti hamkorligida oʻtkazilib, umumiy madaniy makonni mustahkamlash, adabiy hamjihatlikni kuchaytirish va mintaqaviy maʼnaviy muloqotni chuqurlashtirishni maqsad qilgan. Kongressda 350 ga yaqin xalqaro va mahalliy yozuvchilar, olimlar, tarjimonlar va madaniy arboblar ishtirok etdi.

 

“Adabiy doʻstlik – abadiy doʻstlik” davra suhbatida Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Ozarbayjondan kelgan taniqli adabiyot vakillari ishtirok etdilar. 

 

Suhbatning asosiy maqsadi — adabiyot orqali xalqlar oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlash, badiiy tarjimalar samaradorligini oshirish va umumiy maʼnaviy ildizlarga asoslangan ijodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish boʻldi.

 

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid adabiy jarayonlarning xalqlar oʻrtasidagi anglashuv, doʻstlik va maʼnaviy yaqinlikni rivojlantirishdagi oʻrniga toʻxtalib, ijodkorlarning masʼuliyati va umumiy madaniy makonni kengaytirish imkoniyatlarini taʼkidladi.

 

 

Qirgʻiziston Milliy Yozuvchilar uyushmasi raisi Qanibek Imonaliyev Islom sivilizatsiyasi markaziga yuqori baho berib, uni Markaziy Osiyo va turkiy xalqlar tarixi, ilmi va maʼnaviyatining umumiy qimmati haqida fikr bildirdi:

 

– Bu bino faqat Oʻzbekistonniki emas — butun mintaqa boyligi. Qurʼon zali, interaktiv 3D kutubxonasi va har bir ekspoziyadagi ruhiy energiya bizda kuchli taassurot qoldirdi.

 

U, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikda amalga oshirilayotgan tarjimalar, Chingiz Aytmatov merosiga boʻlgan hurmat, Qirgʻizistonda oʻtkazilgan xalqaro festivallar va kelgusi yil Issiqkoʻlda boʻlib oʻtadigan Aytmatov forumiga oʻzbek yozuvchilarini taklif qilish niyatini bildirdi.

 

 

Tojikiston Yozuvchilar ittifoqi Adabiyot fondi direktori Aliakbar Abdulloyev oʻz nutqida Islom sivilizatsiyasi markazini “dunyo miqyosidagi ilmiy va madaniy markazlar orasidagi dur” deb atadi.

 

– Bunday moʻʼjizaviy maskanni qisqa vaqtda barpo etish, uni jahon standartlariga mos jihozlash — ulkan kashfiyot. Mushafning asliy nusxasini koʻrish esa biz uchun tarixiy baxt boʻldi, – dedi Aliakbar Abdulloyev.

 

U Prezident Shavkat Mirziyoyevning bunday markaz yaratish orqali xalqqa abadiy maʼnaviy meros qoldirganini alohida eʼtirof etdi.

 

Tadbir doirasida Tojikiston Yozuvchilar ittifoqi Adabiyot jamgʻarmasi rahbari Akbar Abdullo Sirojiddin Sayyid va Risolat Haydarovalarga “Suxan” koʻkrak nishonini topshirdi. Mukofot adabiy hamjihatlikni mustahkamlash va mintaqaviy hamkorlikka qoʻshgan hissalari uchun berildi.

 

Davra suhbatida qoʻshma adabiy antologiyalar tayyorlash, tarjima va nashriyot hamkorligini kengaytirish, bolalar adabiyotida qardoshlik loyihalarini yoʻlga qoʻyish, yosh yozuvchilar uchun xalqaro ijodiy dasturlar tashkil etish kabi aniq takliflar ilgari surildi.

 

 

“Adabiy doʻstlik – abadiy doʻstlik” tashabbusi xalqlar oʻrtasidagi maʼnaviy birdamlik, adabiy madaniyat va ijodiy munosabatlarni mustahkamlab, kitob, bilim va maʼrifat asosida umumiy kelajakni barpo etishda muhim platformaga aylanmoqda.