Fransiya generali Islom sivilizatsiyasi markaziga yuqori baho berdi
Fransiya Qurolli kuchlari vazirligi generali Emerik Vinenje boshchiligidagi delegatsiya Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, uning faoliyati, ilmiy-tadqiqot yoʻnalishlari, ekspozitsiyalari va Oʻzbekistonning boy ilmiy-maʼnaviy merosi bilan yaqindan tanishdi. Noyob ekspozitsiyalar va zamonaviy interaktiv texnologiyalar mehmonlarda ulkan taassurot qoldirdi.


Tashrif davomida mehmonlarga markazning asosiy ekspozitsiyalari — Qurʼoni Karim zali, islomdan oldingi davr tarixi, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlariga bagʻishlangan boʻlimlar, shuningdek, “Yangi Oʻzbekiston — Yangi Renessans poydevori” ekspozitsiyasi haqida atroflicha maʼlumot berildi. Zamonaviy texnologiyalar yordamida yaratilgan interaktiv koʻrgazmalar, multimediali installyatsiyalar va tarixiy jarayonlarni vizual namoyish etish usullari delegatsiya aʼzolarida katta qiziqish uygʻotdi.

General Emerik Vinenje tashrifdan olgan taassuroti bilan oʻrtoqlashar ekan, quyidagi fikrlarni bildirdi:
“Loyihaning koʻlami va uning ilm-fan asosida tashkil etilgani menda ulkan taassurot qoldirdi. Markazdagi har bir ekspozitsiya Uygʻonish davrlarini chuqur yoritib, Oʻzbekistonning tarixiy taraqqiyot yoʻlini jonli aks ettirmoqda. Tarixiy eksponatlarning boyligi va noyob artefaktlarning bir maskanda toʻplangani — katta mehnat va yuksak masʼuliyat mahsuli ekanini koʻrsatadi”
Shuningdek, delegatsiya aʼzolari markaz meʼmorchiligi, ekspozitsiyalarning zamonaviy muzey standartlari asosida joylashtirilgani, multimediali texnologiyalarning samarali qoʻllanilishi va tadqiqot ishlarining yuqori darajada tashkil etilganini yuqori baholadilar.
Uchrashuv yakunida Fransiya delegatsiyasi Islom sivilizatsiyasi markazini Markaziy Osiyodagi muhim ilmiy-maʼrifiy xab sifatida eʼtirof etib, kelgusida madaniy-gumanitar hamkorlik, ilmiy almashinuv va qoʻshma loyihalar yuzasidan oʻzaro aloqalarni yanada mustahkamlash istagini bildirdi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma