Toshkentda Markaziy Osiyo yoshlari sunʼiy intellekt orqali madaniy merosni saqlashni muhokama qilishdi


 

Toshkent shahrida oʻtkazilgan “Markaziy Osiyo: umumiy maʼnaviy-maʼrifiy meros – umumiy kelajak” xalqaro kongressi mintaqa yoshlarini ham bir maqsadda birlashtirdi.  Ilm-fan, innovatsiya va madaniy meros tutashgan ushbu muloqotda yoshlar oʻz xalqlarining oʻtmishiga tayangan holda yangi raqamli avlodni qanday qurish mumkinligi haqida fikr almashishdi.

 

Kongress doirasida “Yoshlar va raqamli davr: qadimiy qoʻlyozmalardan sunʼiy intellektga” mavzusidagi shoʻʼba yigʻilishida Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmanistondan kelgan yosh olimlar va raqamli texnologiyalar sohasi mutaxassislari hamda davlat idoralari vakillari ishtirok etdi.

 

 

Yigʻilishda spikerlar raqamli islohotlarni amalga oshirishda yosh kadrlarning faol ishtiroki, innovatsion gʻoyalarni hayotga tatbiq etish mexanizmlari, sunʼiy intellektdan davlat boshqaruvi va taʼlim tizimida foydalanish imkoniyatlari haqida oʻz qarashlarini bildirdi. Shuningdek, qadimiy qoʻlyozmalarni raqamlashtirish va ularni sunʼiy intellekt yordamida tadqiq etish ilmiy faoliyat bilan birga madaniy masʼuliyat ekaniga alohida eʼtibor qaratildi.

 

 

Otabekxoʻja Sobitov, Oʻzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti raisi:

 

– Toshkentda Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining maslahat uchrashuvi doirasida oʻtkazilgan xalqaro kongressda ishtirok etish men uchun katta sharaf boʻldi. Ayniqsa, Islom sivilizatsiyasi markazining Qurʼon zali, noyob qoʻlyozmalar va bebaho eksponatlar bilan tanishish jarayonida chuqur hayajon va faxrni his qildim. Bu maskan biz yoshlarni ilm, maʼrifat va tafakkurga yetaklaydigan, xalqimizning boy madaniy merosini oʻzida mujassam etgan yirik maʼnaviy markazdir.

 

Oʻzbekiston Yoshlar parlamenti raisi Otabekxoʻja Sobitovning taʼkidlashicha, mamlakatimizda yoshlar uchun raqamli taʼlim va innovatsion ekotizimni rivojlantirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Muloqot davomida har bir davlatning sunʼiy intellektni rivojlantirish borasidagi tajribalari muhokama qilindi. Oʻzbekistonning bu yoʻnalishda amalga oshirayotgan ishlari – Prezident Shavkat Mirziyeyov tashabbusi bilan yoʻlga qoʻyilgan “1 million dasturchi”, “IT Park” faoliyatining kengaytirilishi, raqamli texnologiyalar markazlarining tashkil etilishi, INHA va TATU kabi oliy taʼlim muassasalarining ixtisoslashuvi – yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.

 

 

Turkmaniston yoshlar delegatsiyasi vakilasi Altinay Mametnazarova oʻz nutqi davomida Oʻzbekistondagi samimiy mehmondoʻstlik va kongressning yuksak darajada oʻtkazilganini alohida taʼkidladi.

 

– Hozir bizda “Xalqaro tinchlik va ishonch” yili davom etmoqda. Shu bois, madaniyatimiz, tariximiz va milliy merosimizni dunyoga tanitish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Biz yoshlar ham oʻz xalqimizning qadimiy tarixi va maʼnaviy merosini targʻib qilish yoʻlida faol harakat qilmoqdamiz.

 

Toshkentda oʻtgan “Markaziy Osiyo: umumiy maʼnaviy-maʼrifiy meros – umumiy kelajak” xalqaro kongressi qardosh xalqlar oʻrtasidagi doʻstlikning qanchalik mustahkam ekanini yana bir bor koʻrsatdi. Kongress doirasida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdik. Markazning meʼmorchiligi, keng ekspozitsiyalari va zamonaviy texnologiyalar asosida yaratilgan taqdimotlari bizda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, VII asrga oid, YuNESKO roʻyxatiga kiritilgan Usmon Mushafi Qurʼonining koʻrsatilgani biz uchun unutilmas lahza boʻldi. Qurʼonni koʻrganimizda qalbimizda faxr va hayajon uygʻondi, – deydi Alitinay Mametnazarova.

 

Shoʻʼba doirasida yoshlar startaplarini qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari, raqamli innovatsiyalarni rivojlantirish, mintaqaviy hamkorlikda qoʻshma loyihalarni yoʻlga qoʻyish masalalari ham koʻrib chiqildi. Qatnashchilar yosh avlod uchun raqamli kelajakni yaratish, sunʼiy intellektni davlat boshqaruvi va taʼlimga joriy etish, madaniy merosni zamonaviy texnologiyalar bilan asrash kabi vazifalarni birgalikda amalga oshirish zarurligini taʼkidladilar.

 

– Kongress doirasida madaniyat, maʼrifat, tarix, kitobxonlik va yoshlar siyosatiga bagʻishlangan bir qator shoʻba yigʻilishlari oʻtkazildi. Biz ushbu sessiyalarda Turkmaniston yoshlar faoliyati haqida maʼlumot berdik.

 

Mintaqa yosh delegatsiyalari bilan muloqotlar oʻzaro doʻstlik va madaniy yaqinlikni yanada mustahkamladi.

 

Bu kabi xalqaro uchrashuvlar qardosh xalqlar oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytiradi. Shunday yirik kongressni tashkil etgani uchun Oʻzbekiston Prezidentiga samimiy minnatdorlik bildiramiz, – deydi turkmanistonlik yoshlar vakilasi.

 

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida joriy yilning 13-15-noyabr kunlari “Markaziy Osiyo: umumiy maʼnaviy-maʼrifiy meros – umumiy kelajak” xalqaro kongressi boʻlib oʻtdi. Xalqaro kongress Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Islom sivilizatsiyasi markazi, Tashqi ishlar vazirligi, WOSCU, Fanlar akademiyasi va Markaziy Osiyo Xalqaro instituti hamkorligida tashkil etildi.