“Agar ortda qolsak, tarixda qolib ketamiz” – Markaziy Osiyo uchun olimlardan muhim chaqiriq



 

Qozogʻiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Askar Jumadildayev Markaziy Osiyo ilm-fan ahlini birlashtirgan xalqaro kongressni mintaqa va jahon olimlari uchun “bilim va ilmiy gʻoyalar almashinuvining betakror maydoni” deb atadi.



 

Askar Jumadildayev, Qozogʻiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti

 

– Ushbu kongress Markaziy Osiyo va butun dunyo tadqiqotchilari oʻrtasida bilim, tajriba va ilmiy gʻoyalar almashish uchun betakror maydon hisoblanadi. Qozogʻiston ilmi bugun xalqaro maydonda oʻz soʻzini qatʼiy ayta olayapti. Bizning olimlarimiz global loyihalarda ishtirok etmoqda. Kongressda ishtirok etish nafaqat tajriba almashish, balki yangi ilmiy tashabbuslar yaratish imkonini ham beradi.


Kongress doirasida Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi boʻylab ajoyib ekskursiya boʻldi.

 

Jahon sivilizatsiyasiga katta hissa qoʻshgan ikki soʻz bor: “algebra” va “algoritm”. Ikkalasi ham Xorazmiy nomi bilan bogʻliq. U Orol dengiziga yaqin hududda, hozirgi Oʻzbekiston Respublikasi hududida tugʻilgan. Lekin u — barchamizning ulugʻ ajdodimiz. Markaziy Osiyo va Turon xalqlari uchun umumiy shaxs.


Zamonaviy fan-texnika davrida vaqtdan ortda qolmasligimiz kerak. Aks holda tarixda qolib ketamiz. Ilm va texnologiyani rivojlantirishimiz shart. Va bizning tilimiz, avvalo, texnologiya va fan tili boʻlishi kerak. 

 

Bizga ajdodlarimiz ana shunday oʻrgatgan. Masalan, “tenglamani hal qilish” atamasini kim joriy etgan? — Xorazmiy. “Kvadrat tenglama” degan atamani kim joriy etgan? — yana oʻsha ulugʻ zot.


Xorazmiyning buyukligi nimada? U shunday degan: “Minuslarni plyusga aylantirib bor”. Yaʼni inson oʻz kamchiliklarini yutuqqa, magʻlubiyatlarini gʻalabaga aylantirishi kerak. Oldinga intilish kerak. Shu ruhdagi fikrlari Yevropani hayratga solgan va ular uning asarlarini lotin tiliga tarjima qilishgan.


Afsuski, “Al-jabr va-l-muqobala” asari bizga original holda yetmasdan, faqat lotincha nusxasi saqlangan.


Bizning avlod esa oʻz ajdodlariga munosib boʻlishi kerak. Tariximiz umumiy boʻlganidek, ilm tili, terminologiyasi ham umumiy boʻlishi kerak.


Ayrim soʻzlar boshqacha boʻlishi mumkin, lekin “bir” va “ikki” kabi soʻzlar barcha turkiy xalqlarda bir xil. Demak, biz bolalar uchun ham, oʻzimiz uchun ham foydali umumiy nashr yaratishimiz mumkin.


Bu yoʻnalishda harakat qilsak, faqat yutamiz. Men shunday taklif bildirmoqchiman. Fanlar akademiyasi yoki Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlikka tayyormiz.