Xalqlar birligini rivojlantiruvchi sanʼat taqdimoti – rassomlar koʻrgazmasi nima beradi?

 

 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida oʻtkazilgan “Markaziy Osiyo: umumiy maʼnaviy-maʼrifiy meros – umumiy kelajak”  mavzusidagi xalqaro kongress doirasida Ozarbayjon rassomlar koʻrgazmasi tashkil etildi. U nafaqat sanʼatni namoyon etdi, balki xalqlar oʻrtasidagi madaniy hamkorlik va maʼnaviy birlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Koʻrgazma ishtirokchilarining taʼkidlashicha, sanʼat orqali haqiqat va tarixni bilish, dunyodagi muammolarni anglash va xalqlar orasida birlikni rivojlantirish mumkin. 


 

Agali Ibrohimov, Ozarbayjon rassomlar uyushmasi raisi oʻrinbosari:

 

– Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida tashkil etilgan xalqaro kongress doirasida oʻtkazilgan ozarbayjonlik rassomlar koʻrgazmasida taxminan 10 ta rangtasvir asarlari namoyish etildi. Ular orasida ham yosh, ham tajribali rassomlar bor va barchasi Ozarbayjon sanʼatining eng namunali asarlarini taqdim etishdi.

 

Men Oʻzbekiston Prezidentiga minnatdorchilik bildirmoqchiman, chunki bu markaz faqat bino emas — u kelajak va oʻtmish uchun muhim yodgorlik hisoblanadi. Har bir xalqning prezidenti bunday markazni qurib bera olmaydi.

 

Shunday koʻrgazmalar, konsertlar va filmlar xalqlarni birlashtiradi. Faqat madaniyat, sanʼat va tarix orqali boshqa xalqlar haqida bilish mumkin. Bugungi dunyoda urushlar va mojarolar davom etmoqda va hatto ona qornidagi bolalar ham halok boʻlyapti. Shuning uchun sanʼat orqali barcha xalqlarni birlashtirish imkoni bor.

 

Rassomlar, yozuvchilar va bastakorlar oʻz ijodini yurakdan, chin dildan yaratadi. Ular dunyoda nima boʻlayotganini koʻrsatadi — ham goʻzalligini, ham dahshatini, ham kelajakni.

 

Xalqlarni nima birlashtiradi? Xalqlarni haqiqat birlashtiradi. Har bir xalq hayotda oʻz haqiqatiga intiladi.