Xitoy elchisi yurtdoshlarini Oʻzbekistonning boy madaniy merosi bilan tanishishga chorladi


 

Xitoy va Oʻzbekistonni bogʻlab turgan asrlar davomidagi madaniy rishtalar Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va gʻoyasi asosida barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalari orqali yana bir bor isbotini topmoqda — Xitoy elchisi ekspozitsiyalarni tomosha qilib, ikki xalqni birlashtirgan umumiy tarixga yuqori baho berdi.


Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi, janob Yuy Szyun, Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Mehmon markazning barcha ekspozitsiyalari — Qurʼoni karim zali, islomdan avvalgi davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans ekspozitsiyalari hamda “Yangi Oʻzbekiston — Yangi Renessans poydevori” boʻlimlari bilan batafsil tanishdi.

 

Elchi markazning ilmiy, madaniy va maʼnaviy jihatlariga, namoyish etilayotgan noyob qoʻlyozmalar va tarixiy artefaktlarga yuksak baho berdi. Zamonaviy interaktiv va raqamli koʻrgazmalar ham uning katta qiziqishini qozondi.

 

Janob Yuy Szyun Oʻzbekistonning boy tarixiy merosi, Markaziy Osiyo uygʻonish davrlari va ulugʻ allomalarning ilm-fan taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi haqida ham maʼlumot oldi. Shuningdek, ekspozitsiyadagi Buyuk Ipak yoʻli va qadimiy madaniy almashinuvlar haqidagi boʻlimlar unda alohida taassurot qoldirdi.



 

Tashrif yakunida Xitoy elchisi Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazini butun mintaqa uchun beqiyos ilmiy-maʼnaviy maskan sifatida baholadi:

 

“Bu markaz Oʻzbekistonning tarixiy merosi, ilm-fandagi ulkan yutuqlari va boy madaniyatining yorqin namunasidir. Unda namoyish etilgan Buyuk ipak yoʻli madaniyati va buyuk allomalar merosi nafaqat Oʻzbekiston, balki Xitoy bilan mushtarak tarixiy rishtalarimizni ham eslatadi. Ikki xalq oʻrtasidagi qadimiy doʻstlik bugun ham izchil davom etib, yangi mazmun bilan boyib bormoqda.”

 

 

 

Elchi, shuningdek, Xitoy fuqarolarini ham markazga tashrif buyurib, Oʻzbekistonning boy madaniy merosi bilan yaqindan tanishishga chorlab oʻtdi.