Oʻzbekistonning madaniy merosi Turkmaniston mutaxassislari tomonidan yuksak baholandi

 

Turkmanistonning yetakchi muzeyi rahbari Meretgeldi Chariyev Toshkentga tashrif davomida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini koʻrib lol qoldi. Uning taʼkidlashicha, bu yerdagi ekspozitsiyalar, qimmatbaho qoʻlyozmalar va Prezident tashabbuslariga oid videotaqdimot “Markaziy Osiyoda madaniy uygʻonish jarayonining yorqin ifodasi”dir.



 

Meretgeldi Chariyev, Turkmaniston Davlat madaniyat markazi huzuridagi Davlat muzeyi direktori

 

— Bugun Oʻzbekiston poytaxti Toshkent shahrida boʻlib oʻtayotgan “Markaziy Osiyo: umumiy maʼnaviy-maʼrifiy meros — umumiy kelajak” xalqaro kongressining ochilish marosimida ishtirok etish men uchun katta sharaf boʻldi. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiya markazida bunday yuksak darajadagi ilmiy-madaniy tadbirning tashkil etilgani tahsinga loyiqdir.

 

Kongress doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjondan kelgan olimlar, muzey va kutubxona mutaxassislari, madaniyat sohasi vakillari bilan uchrashib, oʻzaro fikr almashdik. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga uyushtirilgan ekskursiya bizda chuqur taassurot qoldirdi. Markazda namoyish etilgan qadimiy qoʻlyozmalar, tarixiy yodgorliklar, hunarmandchilik namunalarining zamonaviy talqinda taqdim etilgani yuqori bahoga loyiq.

 

Oʻzbekiston madaniyati islom sivilizatsiyasida alohida oʻrin egallaydi. Ekspozitsiyalardagi qimmatbaho buyumlar, tarixiy manbalar va arxeologik topilmalar oʻzbek xalqining qadimiy ildizlari qanchalik chuqur ekanini yaqqol namoyon qiladi. Turkmaniston bilan Oʻzbekiston qardosh xalqlar boʻlib, biz oʻrtamizdagi madaniy aloqalar yillar davomida izchil rivojlanib kelmoqda.

 

Shu oʻrinda, Oʻzbekistonning madaniy merosini asrash va dunyoga tanitish yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho beraman. Firdavs Abduxoliqov rahbarlik qilayotgan Markaz bilan koʻp yillardan buyon samarali hamkorlik qilib kelmoqdamiz. Xususan, Turkmaniston Davlat muzeyi tomonidan chop etilgan “Oʻzbekistonning madaniy merosi” nomli toʻplamning 72-jildi aynan bizning muzeyimizdagi oʻzbek merosiga oid eksponatlarga bagʻishlangan.

 

Bundan tashqari, Temuriylar tarixi davlat muzeyi va Ichan-qalʼa davlat muzeyi bilan ham imzolangan bitimlar asosida qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda. Ushbu hamkorlik bizning muzeylarimiz uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.

 

Kongress doirasida namoyish etilgan videorolik ham juda taʼsirli boʻldi. Unda Oʻzbekistonning qadimiy tarixi, madaniy merosi, Prezident Shavkat Mirziyoyevning islom sivilizatsiyasini rivojlantirish borasidagi tashabbuslari yorqin aks ettirilgan. Ayniqsa, BMT minbarida ilgari surilgan gʻoyalar bugungi kunda juda dolzarb ahamiyat kasb etadi.

 

Oʻz nomimdan va Turkmaniston delegatsiyasi nomidan Oʻzbekiston xalqiga, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga, Madaniyat vaziri Ozodbek Ahmadovichga hamda ushbu yuksak tadbir tashkilotchilariga samimiy minnatdorlik bildiraman. Turkman–oʻzbek doʻstligi doimo abadiy boʻlsin.

 

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan “Markaziy Osiyo: umumiy maʼnaviy-maʼrifiy meros – umumiy kelajak” mavzusidagi xalqaro kongress oʻtkazildi.

 

Markaziy Osiyoning 350 ga yaqin olimlari, sanʼatshunoslar, taʼlim va madaniyat sohasi vakillari, xalqaro tashkilotlar hamda Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjondan kelgan nufuzli mehmonlar ishtirok etdi.