Turkmaniston Madaniyat vaziri Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va Oʻzbekistonning madaniy qudratini eʼtirof etdi




Turkmaniston Madaniyat vaziri Atageldi Shamiradov Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini mintaqaning eng muhim ilmiy-maʼrifiy markazi sifatida baholab, Oʻzbekistonning madaniy merosni asrash va targʻib etish borasidagi tashabbuslarini yuksak eʼtirof etdi.



 

Atageldi Shamiradov, Turkmaniston Madaniyat vaziri

 

— Avvalo, bizni “Markaziy Osiyo: umumiy maʼnaviy-maʼrifiy meros — umumiy kelajak” nomli xalqaro kongressga taklif etgani uchun chuqur hurmatga sazovor Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga va Oʻzbekiston hukumatiga samimiy minnatdorchiligimizni bildiraman.


Kongress doirasida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, markazning keng qamrovli ekspozitsiyalari bilan tanishdik. Mazkur maskan meʼmoriy yechimlari, zamonaviy texnologiyalar va boy madaniy-taʼlimiy mazmuni bilan ajralib turadi. U nafaqat Oʻzbekiston, balki butun mintaqa uchun muhim ilmiy-maʼrifiy markaz ekanini yaqqol namoyon qiladi.


Hurmatli Oʻzbekiston Prezidentining kongress ishtirokchilari uchun yoʻllagan tabrigida davlatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik, birodarlik rishtalari va koʻp qirrali hamkorlikka oid fikrlar chuqur maʼno bilan ifoda etildi.

 

Shuni taʼkidlash joizki, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yilda ilgari surgan tashabbusning samarasi boʻlib, bugun islom dunyosi madaniy merosini asrash va targʻib qilish yoʻlidagi muhim ilmiy markazga aylangan.


Turkmaniston va Oʻzbekiston, shuningdek, butun Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlik yanada mustahkam boʻlishiga ishonamiz. Xalqlarimiz uchun tinchlik, osoyishtalik va farovonlik tilaymiz.