Markaziy Osiyo va Ozarbayjon rassomlari bir sahnada: madaniy diplomatiyaning eng goʻzal namunalari taqdim etildi
Markaziy Osiyo va Ozarbayjondan kelgan rassomlar Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida oʻz ijodiy asarlarini taqdim etdi. Har bir asar tarixiy meros va milliy ruhni aks ettirib, ishtirokchilarga unikal taassurot bagʻishladi.
“Markaziy Osiyo: umumiy maʼnaviy-maʼrifiy meros – umumiy kelajak” xalqaro kongressi doirasida “Markaziy Osiyo: buyuk oʻtmish – buyuk kelajak” mavzusidagi xalqaro badiiy koʻrgazma Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining Markaziy koʻrgazmalar zalida boʻlib oʻtdi.

Koʻrgazmada Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Ozarbayjondan kelgan rassomlar uyushmalari aʼzolari, yosh olimlar, sanʼatshunoslar, ijodkorlar ishtirok etdi. Ular zamonaviy sanʼat jarayonlari, mintaqaviy ijodiy hamkorlik va xalqaro qoʻshma tashabbuslarning ahamiyati haqida fikr almashdilar.
Tadbir ishtirokchilari Markaziy Osiyo sanʼat maktablari turfa uslublari, badiiy qarashlar va milliy ranglar uygʻunligini namoyon qilgan koʻrgazmani katta qiziqish bilan kuzatdilar. Asosiy gʻoya – mintaqaviy sanʼat va madaniy hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarish, umumiy tarixiy merosni asrab-avaylash va zamonaviy madaniyatda uning zaminini mustahkamlashdan iborat.

Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi raisi Ibrohim Valixoʻjayev taʼkidlaganidek, bu koʻrgazma nafaqat Oʻzbekiston, balki mehmon davlatlar uchun ham katta maʼnaviy ozuqa boʻldi. Har bir davlatdan kelgan rassomlar eng sara asarlarini taqdim etdi va ularning ijodiy maktablari namoyon boʻldi. Mehmon rassomlar esdalik medallari bilan taqdirlandi, bu esa mintaqaviy madaniy hamkorlikni mustahkamlash yoʻlida muhim qadamdir.


Agali Ibrohimov, Ozarbayjon rassomlar uyushmasi raisi oʻrinbosari:
– Bu koʻrgazma xalqlarni birlashtiradi, chunki sanʼat va tarix orqali turli xalqlarni tushunish mumkin. Har bir ijodkor oʻz haqiqati va milliy ruhini namoyon etadi, – deb taʼkidladi.
Eslatib oʻtamiz: Tadbir “Markaziy Osiyo: umumiy maʼnaviy-maʼrifiy meros – umumiy kelajak” xalqaro kongressi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Tashqi ishlar vazirligi, Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha butunjahon jamiyati (WOSCU), Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Markaziy Osiyo Xalqaro instituti hamkorligida tashkil etildi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma