Oʻzbekiston Prezidentining tabrigi ozarbayjonlik muzey xodimini toʻlqinlantirdi






Toshkentda boʻlib oʻtgan xalqaro kongressda ishtirok etgan Ozarbayjonning «Icheri-Shexer» muzey markazi direktori Azada Guseynova Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifini yuqori baholadi. Uning fikriga koʻra, anʼanaviy sanʼat va zamonaviy raqamli yechimlar uygʻunligi nafaqat madaniy merosni boyitadi, balki Markaziy Osiyo va Ozarbayjon hamkorligidagi kelajak avlod uchun ham ilhom manbai boʻladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi va kongressdagi tabrigi bu markazning ahamiyatini yanada oshirdi.

 

— Alohida taʼkidlab oʻtmoqchimanki, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tabrik soʻzi barchamiz uchun juda yoqimli boʻldi. Ushbu tabrik Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlatlari vakillarini birlashtirgan “Markaziy Osiyo: umumiy maʼnaviy-maʼrifiy meros — umumiy kelajak” xalqaro kongressi ishtirokchilariga yoʻllangan boʻlib, davlat rahbariyatining kongressga boʻlgan eʼtibori va qoʻllab-quvvatlovini yaqqol namoyon etdi.

 

Shu bilan birga, men Prezidentning Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etishdagi shaxsiy ishtirokiga ham alohida eʼtibor qaratmoqchiman. Muzey xodimi sifatida ushbu markazdagi ekspozitsiya meni chuqur hayratda qoldirdi. Anʼanaviy va zamonaviy raqamli yechimlar uygʻunligi, sanʼatning noanʼanaviy yondashuvlari alohida taassurot qoldirdi.

 

Ekskursiya davomida hurmatli akademik, sanʼashunos olima Kamola Akilova Prezidentning “Bu yerda yaratilayotgan barcha narsalar asrlar davomida saqlanishi kerak, eng avvalo yoshlar uchun xizmat qilishi lozim” degan koʻrsatmalarini taʼkidladi. Shu nuqtai nazardan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yuksak hurmat va chuqur minnatdorlik bildiraman.