Firdavs Abduxoliqov: Oʻzbekiston madaniy merosi bu nafaqat bizning, balki butun insoniyatning merosidir




"Dunyo" AA/. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov "Dunyo" AA muxbiriga bergan intervyusida poytaxtimizda oʻtkazilayotgan "Markaziy Osiyo: umumiy maʼnaviy-maʼrifiy meros – umumiy kelajak" mavzusidagi xalqaro kongress va yangi qurib bitkazilgan markaz haqida fikr bildirdi.

 

– Biz xalqaro kongressga tayyorgarlik asnosida buyuk ajdodlarimizning siymolarini sunʼiy intellekt avatarlari orqali jonlantirdik. Tashrif buyuruvchilar bu jarayonni cheksiz hayrat va hayajon ila tomosha qildi. Chunki har bir mehmon, qayerdan kelgan boʻlishidan qatʼiy nazar, avvalo oʻz tilini qidiradi. Oʻz tilida soʻzlovchi siymoni eshitganida esa qalban quvonadi. Bu nafaqat ajdodlarimiz siymosini jonlantirish, balki ularning tili va madaniyatiga boʻlgan chuqur hurmat ifodasidir.

 

Ushbu tashabbus Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bevosita gʻoyalari asosida amalga oshirildi. Markaz qurilish loyihasi tasdiqlangandan boshlab, foydalanishga topshirilgungacha Prezidentimiz bir necha marotaba tashrif buyurib, har safar yangi gʻoyalar va topshiriqlar berib ketdi. Har bir tashabbus zamirida yangicha qarash va kelajak rejalari mujassam edi.

 

Bugun markazimizga tashrif buyurgan mehmonlarning hayrati, qiziqishi va katta taassurotlari orqali davlatimiz rahbarining fikrlari naqadar toʻgʻri va teran boʻlganini his qilmoqdamiz. Buyuk ajdodlarimizni interaktiv tarzda gavdalantirish, oʻsha davrni his etish va ular bilan goʻyo jonli muloqot qilish imkoniyati – bu gʻoya oʻzining naqadar toʻgʻri va ahamiyatli ekanini isbotlamoqda.

 

Bizning ekspozitsiyalarimiz – "Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar", "Birinchi Renessans davri", "Ikkinchi Renessans davri", "Oʻzbekiston XX asrda" va "Yangi Oʻzbekiston – Yangi Renessans" kabi boʻlimlar tarixni jonli anglash hamda kelajakni his qilish imkonini beradi.

 

Tashrif buyuruvchilar "Bu gʻoya kimga tegishli?", "Bu kabi ulkan markaz qanday yaratilgan?" kabi savollarni berishadi. Biz esa faxr bilan aytamiz: bu Prezidentimizning uzoqni koʻzlagan tafakkuri va bunyodkor qarashlari tufayli yuzaga keldi. Bugun markazimiz kutganimizdan ham ortiq shart-sharoit, texnologik imkoniyat va ilmiy-maʼrifiy boyliklarga ega. Toʻgʻrisini aytish kerak – mehmonlarning hayrati cheksiz!

 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yilda BMT minbarida turib, bugun roʻyobga chiqqan ana shu gʻoya va tashabbuslarni ilk bor ilgari surgan edi. Oʻsha paytda baʼzilar ishonishdi, baʼzilar shubha bilan qarashdi. Ammo oradan sakkiz yil oʻtib, BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ana shu gʻoyalar hayotiy haqiqatga aylandi. Buyuk ajdodlarimizning ilmiy-madaniy, maʼnaviy-maʼrifiy merosini oʻzida mujassam etgan ulugʻvor maskan qad rostladi.

 

Oʻsha paytda butun dunyo bu tashabbusning asl mohiyatini angladi. Chunki sakkiz yil avvalgi dunyo bilan bugungi dunyo oʻrtasida katta farq bor. Baʼzi hududlarda ziddiyatlar, kelishmovchiliklar davom etmoqda. Prezidentimiz oʻshanda shunday degan edilar: "Barcha ziddiyatlarning ildizida jaholat yotadi. Biz esa jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashishimiz kerak".

 

Bugun dunyo tan oldiki, bu markaz shunchaki muzey emas, bu maʼnaviyat, maʼrifat va taraqqiyot timsoli boʻlgan tirik megaplatformadir. Eng diqqatga sazovor jihati shundaki, markaz doimo rivojlanib, yangilanib boradi.

 

Masalan, bugungi xalqaro kongressda Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlatlaridan koʻplab mehmonlar va ekspertlar ishtirok etdi. Ular bilan yangi qoʻshma dasturlar va ilmiy loyihalar muhokama qilinmoqda. Bu hamkorliklar yangi kashfiyot va ilmiy izlanishlarga zamin yaratadi.

 

Bu kabi natijalar, albatta, markazimiz ekspozitsiyalarida oʻz aksini topadi. Shuning uchun markazdagi koʻrgazmalar doimo oʻzgarib, boyib, yangilanib boradi. Har safar tashrif buyurgan mehmonlar bu yerda yangi tafakkur, yangi ilhom, yangi ruhni kashf etadilar.

 

Prezidentimiz xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish uchun maxsus sharoitlar yaratish zarurligini taʼkidladi. Bugun Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjondan kelgan hamkasblarimiz uchun ham qulay muhit yaratishga harakat qildik.

 

Bu kongressning asosiy maqsadi – kuchni birlashtirish. Chunki Oʻzbekiston madaniy merosi bu nafaqat bizning, balki butun insoniyatning merosidir. Bugun buni butun dunyo tan olmoqda. Tashrif buyurgan madaniyat vazirlari va xalqaro ekspertlar ham bu goʻzal fikrlarni alohida eʼtirof etmoqdalar.

 

Islom sivilizatsiyalari markazi bu – Oʻzbekiston maʼnaviy uygʻonish davrining yorqin ramzidir. U xalqimizning tarixi va buyuk ajdodlar merosiga sadoqatning yorqin ifodasidir. Bizning yakdil maqsadimiz – kuchni birlashtirib, yanada yuksak marralarga erishish.