EURONEWS: “Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazida bolalar uchun yangi taʼlimiy imkoniyatlar eshigini ochmoqda”

 

 

Nufuzli xalqaro axborot agentligi – Euronews Oʻzbekiston Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi tarkibida yaratilgan yangi bolalar maydoni orqali yosh avlodni texnologiya, hikoyalash sanʼati va interaktiv oʻquv usullari yordamida mamlakatning boy madaniy merosini oʻrganishga chorlayotganini eʼtirof etdi.


Bolalar maydoni interaktiv koʻrgazmalar, oʻzbek, rus va ingliz tillaridagi koʻp tilli kontent hamda Markaziy Osiyo olimlarining hayoti va kashfiyotlarini aks ettiruvchi raqamli installyatsiyalar bilan jihozlangan. Sunʼiy intellekt va animatsiyadan foydalangan holda tarixiy shaxslar ilm-fan, ijodkorlik va qiziquvchanlik qanday qilib Islom olamini shakllantirganini tushuntiradi.


Markazda, shuningdek, xalqaro xattotlik maktabi faoliyat yuritadi. Unda mutaxassislar va rassomlar Qurʼon xattotligi va naqshinkor yozuvlarning anʼanaviy uslublarini qayta tiklash, shuningdek, xattotlikning zamonaviy yondashuvlarini targʻib etish boʻyicha mahorat darslarini oʻtkazadilar.


Majmuaning muhim qismlaridan biri — Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasi boʻlib, u ikki qavatdan iborat va 35 mingdan ortiq bosma nashrlarni, jumladan, taxminan 2,500 ta qoʻlyozmani oʻz ichiga oladi.