“Bu markaz — Sharqning ilmiy qudrati va qalbining timsoli!” – xorijlik sudyalar eʼtirofi


Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining tashkil etilganiga 30 yil toʻlishi munosabati bilan “Konstitutsiyaviy islohotlar va konstitutsiyaviy nazorat institutini rivojlantirishning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtmoqda.
Unda Osiyo Konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlar assotsiatsiyasi aʼzolari — Konstitutsiyaviy sudlar rahbarlari va sudyalari ishtirok etmoqda. Shu munosabat bilan Tailand qirolligi va Indoneziya Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi delegatsiyasi, shuningdek, Oʻzbekiston Konstitutsiyaviy sudi raisi va sudyalari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar. Mehmonlarga Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsion sudining raisi Mirzo-Ulugʻbek Abdusalomov hamrohlik qildi.
Mehmonlar markazning milliy meʼmoriy uslubi, bunyodkorlik yechimlari va zamonaviy dizayn yondoshuvlariga katta qiziqish bildirdilar. Ular bino fasadlari, zallar va ekspozitsiyalar bir-birini boyituvchi maʼnaviy mazmun bilan uygʻunlashganini taʼkidladilar.
Tashrif davomida delegatsiya aʼzolari muzeyda namoyish etilgan Renessans davrlariga oid boʻlimlar, noyob artefaktlar, qadimiy qoʻlyozmalar va tarixiy manbalar bilan yaqindan tanishdilar. Eksponatlarning yuksak tarixiy qiymati va badiiy mohiyati mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Tailand qirolligi Konstitutsiyaviy sudi prezidenti Nakarin Mektrayrat shunday dedi:
“Markazning eng hayratlanarli jihati — bu xalqning madaniyati va sivilizatsiyasining ulkanligi hamda bu boy merosni namoyish etishdagi ijodkorlikdir. Zamonaviy texnologiyalar bilan boyitilgan ekspozitsiyalar har daqiqa ilhom va hayrat bagʻishlaydi. Bu markazni yaratish tashabbusi — davlat rahbarining keng dunyoqarashi va yuksak maqsadlaridan darak beradi.”
Mehmonlar Islom sivilizatsiyasi markazini nafaqat ilmiy va madaniy inshoot, balki Oʻzbekistonning maʼnaviy salohiyati va sivilizatsion merosini dunyoga namoyon etuvchi zamonaviy markaz sifatida yuqori baholadilar.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma