"ALLOHNING QO‘SHNISI" BITGAN BEBAHO ASAR

O‘rta asrlar Sharq ilm-fani va maʼrifat tarixida o‘z nomi bilan abadiy qolgan ulug‘ mutafakkirlar orasida Abu al Qosim Mahmud ibn Umar Xorazmiy Zamaxshariy (1075–1144) alohida o‘rin tutadi.
Zamaxshariy ijodining gultoji bo‘lgan “Tafsir al-Kashshof” (“Kashshof tafsiri”) asari ilm-fan olamida g‘oyatda keng tanilgan bo‘lib, u Qurʼoni karimga yozilgan mashhur tafsirdir. Ushbu asar nafaqat islom tafsir ilmining, balki butun jahon falsafasi va tilshunosligi tarixida bebaho durdonalardan biri hisoblanadi.
“Al-Kashshof”da Zamaxshariy har bir oyatni faqat mazmun jihatidan emas, balki uning grammatik va maʼnaviy qatlamlariga chuqur nazar tashlaydi.
Muallif asarni yozishda o‘z davridagi barcha ilm sohalari — tafsir va hadis, fiqh va qiroat, adabiyot va sheʼriyat, axloq va maʼrifat maktablarining boy anʼanalaridan ilhom olgan. Bu ko‘pqirrali ilmiy yondashuv “Al-Kashshof”ni islom olamidagi eng nufuzli tafsirlardan biriga aylantirdi.
Qo‘lyozmaning tarixiy nusxasi
Asarning 823/1420 yilda Abdurrahmon ibn Abu Bakr tomonidan ko‘chirilgan nusxasi arab xat sanʼatining noyob namunasidir. Ushbu asarda har bir satr, har bir nuqta va bezak orqali islom qo‘lyozma madaniyatining yuksak zavqi namoyon bo‘ladi, — deydi Markaz ilmiy kotibi Rustam Jabborov.

Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, Zamaxshariy “Al-Kashshof”ni Makkada uch yil davomida yozgan. Nemis sharqshunosi Karl Brokkelmanning maʼlumotlariga ko‘ra, dunyo kutubxonalarida bu asarning yuzga yaqin qo‘lyozma nusxasi mavjud bo‘lib, uning yigirmadan ziyod sharh va hoshiyalari ham yozilgan. Bugun “Al-Kashshof”ning qimmatli nusxasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining “Birinchi Renessans davri” ekspozitsiyasidan munosib o‘rin olmoqda.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma